Jahon | 21:22 / 21.08.2023
42678
3 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilgan general Jidko vafot etdi

Moskvada general-polkovnik Gennadiy Jidko 58 yoshida vafot etdi. U ma’lum vaqt davomida Rossiyaning Ukrainadagi qo‘shinlari guruhiga qo‘mondonlik qilgandi. U Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini bitirgandi.

Foto: Mixail Degtyarev

16 avgust kuni Rossiya qahramoni, general-polkovnik Gennadiy Jidko uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng Moskvada vafot etdi. Bu haqda Xabarovsk o‘lkasi gubernatori Mixail Degtyarev ma’lum qildi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlangach va dastlabki bosqichdagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin RF rahbariyati mas’ul qo‘mondonlarni lavozimlardan chetlata boshlaydi, ammo bu haqda har doim ham ommaga e’lon qilinmaydi. Conflict Intelligence Team ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil aprelida Ukrainadagi rus qo‘shinlari qo‘mondonligi general Aleksandr Dvornikovga topshiriladi, may oyi oxiriga kelib esa qo‘mondonlik Jidkoga o‘tadi.

Jidko Ukrainadagi Rossiya guruhini qancha vaqt boshqargani aniq emas. BBC rus xizmati yozishicha, uni 2022 yil iyulidayoq lavozimdan olishgan, ammo uning o‘rnini kim egallagani bo‘yicha aniqlik kiritilmagan. RF mudofaa vazirligi yangi qo‘mondon nomini faqat oktyabr oyiga kelib e’lon qiladi — o‘shanda general Sergey Surovikin bu lavozimni egallagandi.

Shunga ko‘ra taxmin qilish mumkinki, Surovikin tayinlanguniga qadar Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari guruhiga Jidko qo‘mondonlik qilishda davom etgan. Bu vaqt ichida — yoz boshidan kuz boshiga qadar — Rossiya armiyasi qator yirik mag‘lubiyatlarga uchraydi. Xususan, 2022 yil sentabrida deyarli butun Xarkiv oblasti boy beriladi, shuningdek Xersondagi vaziyat keskin yomonlashadi, noyabr oyiga kelib Rossiya qo‘shini shaharni tark etadi, bu vaqtda qo‘shinlar Surovikin boshqaruviga o‘tgandi. Shundan keyin Jidko qandaydir yangi lavozimga tayinlangani haqida xabar berilmagan.

G‘arb mamlakatlari Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Gennadiy Jidkoni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritishgan.

Gennadiy Jidko 1965 yil 12 sentabrida o‘sha vaqtda O‘zbekiston SSR tarkibida bo‘lgan Sirdaryo viloyatining Ilichyovskiy rayoni (hozirgi Sardoba tumani) Yangiobod qishlog‘ida tug‘ilgan. 

U 1987 yilda Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtini bitirgan, armiyada vzvod komandirligidan diviziya komandirligigacha yo‘lni bosib o‘tgan.

Jidko Rossiyaning Suriyadagi harbiy amaliyotida ishtirok etgan, 2016 yilda RF qurolli kuchlarining Suriyadagi guruhi shtabi boshlig‘i etib tayinlangan.

U dastlab 2018 yilda Sharqiy-harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni etib tayinlangandi. 2021 yilda Jidko mudofaa vaziri o‘rinbosariga aylanadi, 2022 yilda — yana Sharqiy-harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni lavozimiga qaytgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid