Yaqinda «Luna-25» kosmik apparati Oyga borib urilib, sochilib ketdi. Shu tariqa Rossiya o‘zining yangi tarixidagi ilk oy missiyasini bajara olmadi. «Luna-25» bilan aloqa 2023 yil 19 avgust kuni Moskva vaqti bilan soat 15:00 larda yo‘qolgan. Apparatni topish va u bilan aloqani tiklashning imkoni bo‘lmagan.

«Luna-25» sayyoralararo avtomatik stansiyasi 2023 yil 11 avgust kuni Uzoq Sharqdagi, Amur oblastida joylashgan «Vostochnyy» kosmodromidan uchirilgandi. U 21 avgust kuni Oy sirtiga qo‘nishi kerak edi.

20 avgust kuni «Roskosmos» kosmik stansiya Oy yuzasi bilan to‘qnashuv oqibatida «o‘z mavjudligini yo‘qotdi», deb xabar berdi. Apparat Yerning tabiiy yo‘ldoshi yuzasiga qulagan, deb hisoblanmoqda.

Missiya davomida rossiyaliklar stansiyasi bir necha tasvirlarni, jumladan Oyning narigi tomonining janubiy qutb hududidagi Zeyeman krateri fotosurati hamda ilmiy ma’lumotlarni yuborishga ulgurdi. Xususan, «Luna-25» asboblari Oy yuzasiga mikrometeorit kelib urilishini qayd etishgan.

«Luna-25»ni uchirish loyihasi 1997 yilda boshlangan, keyin mablag‘ yetishmasligi, avariya va sanksiyalar tufayli bu ish ortga surilib kelgan. Xususan, missiyada «Roskosmos» bilan birga Yevropa kosmik agentligi ham qatnashishi rejalashtirilgandi, ammo tashkilot Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin Rossiya bilan hamkorligini to‘xtatdi.

Quyida Oyga uyushtirilgan parvozlar va unda qolib ketgan apparatlar hamda eng yirik kosmik halokatlar haqida so‘z yuritamiz.

Rossiyaning «Luna-25» kosmik apparati fazoga uchirilishdan avval.
arstechnica.com

Sovetlarning Oyga uchirgan apparatlari

1960-yillarning ikkinchi yarmida SSSR va AQSh o‘rtasida kosmosni o‘zlashtirish bo‘yicha raqobat davom etar ekan, har ikki davlat Oyni o‘zlashtirishga urinib ko‘radi.

Sovetlar umumiy hisobda Oyga 30 ga yaqin kosmik apparatlar uchirishgan. Ulardan bir qanchasi Oy sirtiga qo‘nib u yerdan fototasvirlar olgan. Boshqalari Yerning tabiiy yo‘ldoshi atrofida uchgan. Ba’zilari parvoz vaqtida «avariya» bo‘lgan.

Jumladan:

«Luna-2» – 1959 yil 13 sentabr kuni;