Jahon | 12:54 / 24.10.2025
4699
4 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassislar: kosmos harbiy to‘qnashuv maydoniga aylandi

Yo‘ldoshlarga qarshi texnologiyalar (ASAT, anti-satellite) Xitoy, Rossiya, Hindiston va AQSh kabi kosmik davlatlar uchun yangi harbiy «majburiy variant»ga aylanmoqda. AQSh harbiylari ochiqchasiga mamlakatga kosmik qurollar kerakligini, ular ehtimoliy to‘qnashuvni tiyib turish va agar u baribir boshlansa, muvaffaqiyatga erishish uchun zarur ekanini ma’lum qildi.

«Rossiya va Xitoy tobora murakkablashib borayotgan orbital manyovrlarni namoyish etmoqda — bundan bosh tortish mumkin emas», — dedi Buyuk Britaniyadagi Darem universiteti (Durham University) astropolitika kafedrasi dotsenti va Kosmik tadqiqotlar markazi hamraisi Bleddin Bouen Space.com'ga bergan intervyusida.

Bouenning ta’kidlashicha, bugun kosmik derjavalar arsenalida yo‘ldoshlarni yo‘q qilishning ko‘plab usullari mavjud: to‘g‘ridan to‘g‘ri urishdan tortib radioelektron kurash, kiberhujumlar, yerustidagi stansiyalarni ishdan chiqarish, terminallarni yo‘q qilish, hatto aloqa uskunalari joylashgan kemalarni cho‘ktirishgacha.

Bouenga ko‘ra, bunday hujumlar belgilari allaqachon kuzatilmoqda. Masalan, Starlink (SpaceX) kabi tijoriy yo‘ldosh tarmoqlari signallarini buzish va kiberhujumlarga duch kelgan. GPS’dagi xalallar ham tobora ko‘proq qayd etilmoqda — ularning manbai, taxminan, Rossiya hududida, deb hisoblanadi.

«Biz yo‘ldoshlarga hujumlar harbiy rejalarning odatiy qismiga aylanayotganini kuzatmoqdamiz. Bu deyarli standart amaliyot bo‘lib qoldi», — deya qo‘shimcha qildi Bouen.

AQShdagi RAND Space Enterprise nodavlat tadqiqot tashkiloti rahbari Bryus MakKlintokning qayd etishicha, umuman olganda, Rossiya kosmosga minimal darajada, AQSh esa iqtisodiyotda ham, harbiy operatsiyalarda ham maksimal tarzda bog‘liq. Xitoy esa kosmik tizimlarga bog‘liqlikni jadal oshirmoqda — bu deyarli har kungi parvozlardan ham ko‘rinib turibdi.

«Shu bois, Rossiya uchun nafaqat AQSh ustidan, balki hammaning ustida “turgan” tahdid manfaatli», — dedi ekspert.

Vaziyatni kosmik chiqindilarni «tozalash»ga qaratilgan loyihalar ham murakkablashtirmoqda.

«Ularni tozalaydigan apparatga boshqa nuqtai nazardan ASAT quroli sifatida ham qaralishi mumkin», — dedi MakKlintok.

Xuddi shuningdek, yo‘ldoshlarni qayta yonilg‘i quyish va ta’mirlash texnologiyalari ham tajovuzkor maqsadlarda qo‘llanishi mumkin.

Yo‘ldoshlarga qarshi texnologiyalarni rivojlantirishni kosmik davlatlar uchun «xavfsizlik polisi» deb bo‘ladimi?

«Unchalik emas, — deb hisoblaydi Secure World Foundation’ning kosmos xavfsizligi bo‘yicha direktori Viktoriya Samson. — Biroq ko‘p davlatlar ushbu texnologiyalarga investitsiya kiritmoqda — orbitaga kirish va undan foydalanish imkonini kafolatlash uchun».

Samsonning aytishicha, bundan tashqari, davlatlar «raqobatchilardan orqada qolishdan» yoki kamroq kuchli ko‘rinishdan qo‘rqadi.

Masalan, AQSh Kosmik kuchlari vakillari 2024 yil bahorida Xitoy yo‘ldoshlari tomonidan ko‘plab yaqinlashish va manyovrlar haqida gapirib, buni «kosmosdagi havo janglari» deb atagan — bu ifoda Samson fikricha mutlaqo noto‘g‘ri.

Hindiston kosmik tadqiqotlar tashkiloti (ISRO) yaqinda muvaffaqiyatli tutashishni amalga oshirdi va «endi kosmosda jang olib borishi mumkin»ligi haqida ham bayonot berdi.

Mavzuga oid