Yevropa kosmik agentligi (ESA) özining iştirokçi davlatlaridan kelgusi uç yil uçun 22 mlrd yevro miqdorida moliyalaştiriş söradi. Bu avvalgi budjetdan 36 foizga köp, deya xabar berdi çorşanba, 26 noyabr kuni Bloomberg agentligi. Şu kuni Bremen şahrida ESA'ga a’zo 23 davlatning kosmos masalalari böyiça vazirlari ikki kunlik yiğilişi boşlandi. Unda Yevropa harbiy mavjudligini kosmosda kuçaytirişga qaratilgan qiymati 1,35 mlrd yevro bölgan dastur taqdim etiladi. 1975 yilda fuqarolik taşkiloti sifatida taşkil etilgan agentlik ilk bor mudofaa loyihalari bilan şuğullanadi.
Yevropa Rossiyaning Ukrainaga qarşi uruşi va AQŞ prezidenti Donald Tramp bosimiga javob tariqasida mudofaa xarajatlarini oşirayotgan bir paytda, ESA boş direktori Yozef Aşbaxer “Kosmosdan Yevropa barqarorligi” (European Resilience in Space) nomli dasturni taklif qildi. U ESA'ga a’zo davlatlarga öz kosmik resurslaridan birgalikda foydalaniş imkonini beradi. Aşbaxerning fikriça, endi kosmik dasturlarni moliyalaştirişni tobora köproq mudofaa vazirliklari amalga oşiradi, holbuki oldin Yevropada buni asosan fuqarolik vazirliklari qilar edi.
“Kosmosdan Yevropa barqarorligi” dasturi Iris2 kabi loyihalardan foydalanadi — u Ilon Maskning Starlink aloqa sun’iy yöldoşlari tarmoğiga Yevropa tomonidan yaratilayotgan muqobil, şuningdek, Amerika GPS tizimiga öxşaş Yevropa navigatsiya tizimi Galileo ham qöllanadi. Asosiy foydalanuvçilar harbiy tuzilmalar, politsiya va fuqarolik mudofaa xizmatlari böladi. Taklif Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va boşqa davlatlar kosmik agentliklari rahbarlari tomonidan ESA'ning Bremendagi vazirlar kengaşida ovozga qöyiladi.
Aşbaxer katta davlatlarni öz milliy (suveren) kosmik aktivlarini örtoqlaşişga işontiriş oson bölmasligini tan oldi. Biroq “Yevropa uçun mustaqilligimizni va avtonomiyamizni mustahkamlaş haqiqatan ham juda muhim”, deb ta’kidladi u.












