Jahon | 09:23 / 04.09.2023
5215
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada ekspertlar fuqarolarni qishda energiyani tejashga chaqirdi

Germaniyada gaz omborlari yaxshi to‘ldirilganiga qaramay, qishki davrda mamlakatni energiya bilan ta’minlash bo‘yicha xatarlar saqlanib qolmoqda, dedi BNetzA rahbari.

Foto: Getty Images

Germaniya Tarmoqlar bo‘yicha federal agentlik (Bundesnetzagentur, BNetzA) rahbari Klaus Myuller gaz ta’minoti uchun bu qishda saqlanib qoladigan xatarlar haqida ogohlantirdi va fuqarolarni energiyani tejashga chaqirdi. «Saqlash omborlari 94 foizga to‘lgan va bizda muqobil ta’minot manbalari mavjud», dedi u 2 sentabr, shanba kuni nashr etilgan Funke media-guruhiga bergan intervyusida. «Shuning uchun biz kelgusi qish haqida optimistik pozitsiyaga egamiz. Lekin bu haqda gapirishga hali erta, xatarlar saqlanib qolmoqda». 

Myullerning qayd etishicha, Rossiya hali ham Janubi-Sharqiy Yevropaga gaz yetkazib berishda davom etmoqda. Biroq, agar bu yetkazib berish to‘xtatilsa, bunday mamlakatlar boshqa manbalardan ta’minotga muhtoj bo‘ladi. «Bu holatda Germaniya muhim rol o‘ynaydi», dedi rasmiy. 

U uy egalari va ijarachilarni «qishga qo‘ldan kelgancha yaxshiroq tayyorlanishga» chaqirdi. Masalan, ular gazda isitish tizimini optimal tarzda sozlashi kerak. «Gaz inqirozgacha bo‘lganidan ancha qimmat, - dedi Myuller. - Tejamkorlik nafaqat pulni tejash va iqlimni yaxshilash, balki ishonchli ta’minotga ham yordam beradi». 

Iste’molchilarga mustaqil harakat qilish tavsiya etilyapti 

Professor Veronika Grimm - Germaniya hukumatiga iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahat beradigan kengash a’zolaridan biri ham «qish uchun yana yaxshilab tayyorlanish» zarurligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda gaz ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat umuman olganda yaxshi. «Odamlar o‘tgan yillarga nisbatan gazni tejamoqda, hozirda o‘tgan yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan taxminan 20 foizga kamroq iste’mol qilinmoqda», dedi iqtisodchi Funke’ga. 

Shu bilan birga, gaz omborlarini to‘ldirish darajasi yuqori bo‘lishiga qaramay, ularning sig‘imi gaz importisiz qishni talafotsiz o‘tkazish uchun yetarli bo‘lmaydi, dedi Grimm. U iste’molchilarga energiyani tejash bo‘yicha mustaqil harakat qilishni maslahat berdi. «Eshik yoki derazalarni zichlab yopish kabi oddiy choralarni mustaqil amalga oshirsa bo‘ladi», dedi ekspert. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid