Jahon | 13:34 / 04.09.2023
10348
3 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada kuchli yomg‘irlar:  halok bo‘lganlar bor

Ispaniyaning deyarli barcha hududlarida 2 sentabrdan buyon kuchli yomg‘ir yog‘yapti, bo‘ronli shamol kuzatilyapti, suv toshqini xavfi mavjud. Aholiga tashqariga chiqmaslik tavsiya etilgan.

Foto: REUTERS/Marco Trujillo

Ispaniyaning ko‘plab hududlarida 4 sentabr, dushanba kuni kuchli yomg‘ir davom etmoqda, rasmiylar suv toshqini xavfi haqida ogohlantirdi. Hozirgi vaqtda qirollik past bosimning alohida zonasida joylashgan bo‘lib, bu «Kanar orollaridan tashqari, butun mamlakat bo‘ylab bo‘ronli shamollar bilan birga kuzatilayotgan juda kuchli yog‘ingarchilikka olib kelyapti», - deya xabar qildi Aemet Ispaniya meteorologiya xizmati.

2 sentabrdan beri davom etayotgan kuchli yomg‘irlar tufayli eng yuqori xavf darajasi Madrid, shuningdek, Andalusiya va Kastiliya-La-Mancha hududlarida e’lon qilindi. O‘z navbatida, Ispaniya Ichki ishlar vazirligi mamlakatning aksariyat hududlarida tabiiy ofatlar xavfi haqida ogohlantirdi. Maktab ta’tillari tugashi bilan ta’tildan qaytganlar soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, 3 sentabr kuni Yo‘l harakati bosh boshqarmasi (DGT) fuqarolarni «avtomobil haydamaslikka va uyda qolishga chaqirdi, chunki ko‘plab yo‘llar butunlay suv ostida qolgan». 

Ispaniya shimoli-sharqida aholiga ko‘chaga chiqish taqiqlandi

Bir qator shaharlarda rasmiylar aholini suv toshqini xavfi tufayli tashqariga chiqmaslikka chaqirdi. Qutqaruv xizmatlari bir vaqtning o‘zida uylarning yuqori qavatlarida bo‘lishni tavsiya etgan. Ispaniya shimoli-sharqida joylashgan 10 ming aholiga ega Alkanarda hokimiyat kuchli suv toshqini xavfi tufayli odamlarga uyini tark etishni taqiqladi. So‘nggi 24 soat ichida shaharda kuchli yomg‘irlar qayd etildi, yog‘ingarchilik miqdori kvadrat metrga 215 litrni tashkil qildi. Bundan tashqari, Valensiya va Barselona o‘rtasidagi temiryo‘l aloqasi, shuningdek, bir qator boshqa yo‘nalishlarda qatnovlar to‘xtatildi, deb xabar berdi Renfe temiryo‘l kompaniyasi. 

Shanba kuni 31 va 34 yoshli ikki erkak Saragosada guruh tarkibida darada sayr qilish chog‘ida halok bo‘ldi. Hamrohlarining so‘zlariga ko‘ra, ular suv oqimiga tushib, cho‘kib ketgan. Aemet’ga ko‘ra, past bosim zonasining markazi 4 sentabr kuni Ispaniya g‘arbiga ko‘chishi kutilmoqda. 

Shunga o‘xshash ofatlar bu yil JAR, Sloveniya, Rossiyaning Uzoq Sharqida va Kaliforniya janubida sodir bo‘ldi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid