21:06 / 05.09.2023
15625

Hindiston ingliz tilidagi rasmiy nomini India’dan Bharat’ga o‘zgartirishi mumkin

Mamlakatning hukmron partiyasi Hindistonning qadimiy nomini qaytarishga urinmoqda. Muxolifat bunga rozi emas. O‘zgartirish bo‘yicha rasmiy jarayon hali boshlanmadi. 

Foto: Bloomberg

Narendra Modi boshchiligidagi Hindiston hukumati 18-22 sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan parlament yig‘ilishida mamlakatning rasmiy nomini Bharat qilib o‘zgartirishni qo‘llab-quvvatlovchi rezolyutsiyani taqdim etishi mumkin. Bu haqda Economic Times xabar berdi. Biroq, bo‘lajak parlament sessiyasi kun tartibi hali rasman e’lon qilinmagan. 

9 sentabr kuni Hindiston poytaxtida G20 sammiti o‘tkaziladi. An’anaviy kechki ovqatga taklifnoma «Hindiston prezidenti» nomidan emas, balki «Bharat prezidenti» nomidan jo‘natilgan. Hindiston milliy kongressi rahbari Jairam Ramesh buni tasdiqladi. 

«Bu xabar - haqiqat. Endi Konstitutsiyaning 1-moddasini quyidagicha o‘qish mumkin: «Bharat, bu Hindiston, Qo‘shma Shtatlar Ittifoqi bo‘lishi lozim», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda. 

Bharat — Hindistonning hindi tilidagi rasmiy nomi bo‘lib, mamlakat Bosh Qomusida qayd etilgan. Hindiston Konstitutsiyasining 1-moddasiga binoan, ikkala nomdan foydalanishga ruxsat berilgan.

Hindistonning hukmron «Bharatiya Janata» partiyasi vakillari mamlakat nomini Bharat deb o‘zgartirilishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularning fikriga ko‘ra, Hindiston (inglizchada India) nomi Britaniya mustamlakasidan qolgan «qullik ramzi», Bharat nomi esa qadim zamonlardan beri mavjud. 

«Britaniyaliklar Bharat nomini Hindistonga o‘zgartirdi. Konstitutsiyaning 1-moddasida shunday deyilgan: «Hindiston – Bharat». Mamlakatimiz ming yillar davomida «Bharat» nomi ostida mavjud... Bu qadimgi sanskrit matnlarida uchraydigan mamlakatning qadimiy nomi. «Hindiston» nomi mustamlakachi hukumat tomonidan berilgan va shuning uchun qullik ramzidir. «Hindiston» nomi Konstitutsiyadan olib tashlanishi kerak», dedi deputat Naresh Bansal. 

Hukmron partiyaga muxolif bo‘lgan INDIA (Hindiston milliy inklyuziv rivojlanish alyansi) bloki bu tashabbusni qoralamoqda. Ular buni «Bharata janatiya» partiyasining obro‘sini ko‘tarishga urinish sifatida baholamoqda. 

«Hindiston o‘z nomini Bharatga o‘zgartirsa, «Bharata janatiya» partiyasi Bharat so‘zini boshqa so‘z bilan almashtiradimi? Agar ba’zi partiyalarning nomida Hindiston so‘zi bo‘lsa, unda mamlakat nomini o‘zgartirish shartmi? Agar INDIA bloki nomini Bharat deb o‘zgartirsa, u holda «Bharata janatiya» partiyasi ham nomini o‘zgartiradimi?», dedi Dehli bosh vaziri Arvind Kejrival. 

Shu bilan birga, deputat Sanjay Singh Hindistonning rasmiy nomini o‘zgartirish masalasini, hukumatning amaldagi Konstitutsiyani o‘zgartirishga urinish sifatida baholadi. 

Hozircha, Hindiston hukumati bu boradagi bahslarga munosabat bildirmadi. 

Hindistonning rasmiy nomini o‘zgartirish masalasi birinchi marotaba ko‘tarilayotgani yo‘q. Ushbu masala 2016 va 2020 yillarda Hindiston Oliy sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan. Oliy sud ushbu tashabbuslarni rad etib, mamlakat aholisi his-tuyg‘ulari bilan o‘ynashmaslikka chaqirgan edi. 

Dunyo tarixida ko‘plab davlatlar o‘z nomini moliyaviy, madaniy, tarixiy va boshqa omillardan kelib chiqqan holda o‘zgartirgan holatlar ko‘p bo‘lgan. 

1972 yilda Tseylon o‘z nomini Shri-Lanka deb o‘zgartirdi. 1989 yilda Birma nomi Myanma qilib o‘zgartirildi. 1935 yilda Fors davlati Eron deb atala boshladi. Turli yillarda Kampuchiya – Kamboja, Siam – Tailand, Sharqiy Pokiston – Bangladesh, Makedoniya – Shimoliy Makedoniya, Svazilend – Esvatini deb o‘zgartirilgan. 

Top