O‘zbekiston | 23:01 / 05.09.2023
6774
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Senat raisi Tanzila Norboyeva Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko bilan, shuningdek, Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova bilan uchrashdi. 

Foto: senat.uz

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Minskda Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi raisi Natalya Kochanova bilan uchrashdi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama mustahkamlanayotgani, mamlakat rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli ikki tomonlama munosabatlar o‘zaro ishonch va do‘stona muhitda rivojlanayotganligi qayd etildi. Tomonlar ikki davlat parlament vakillari MDH Parlamentlararo Assambleyasi va Parlamentlararo ittifoq kabi xalqaro parlament tashkilotlari doirasida ham faol hamkorlik qilishayotganiga urg‘u berishdi. 

Ikki davlat o‘rtasida turli sohalarda erishilgan kelishuvlarni parlamentlar faoliyati doirasida huquqiy jihatdan ta’minlashga kelishib olindi.

Oliy Majlis Senati va Milliy majlis Respublika Kengashi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolanishi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishiga umid bildirildi. 

Tomonlar Belarus Milliy majlisi Respublika Kengashi va O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi, Belarus Milliy majlisi huzuridagi Yoshlar kengashi (parlamenti) va O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi hamda «Belarus ayollar ittifoqi» respublika jamoat birlashmasi hamda O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlarni imzoladilar. 

Shuningdek, Tanzila Norboyeva Belarus bosh vaziri Roman Golovchenko bilan ham uchrashdi.

Uchrashuvda oliy darajada o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot yo‘lga qo‘yilgani tufayli O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi darajaga ko‘tarilgani ta’kidlandi. 

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan hukumatlararo komissiyaning 10-majlisini o‘tkazishga hozirlik ko‘rilmoqda. Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning huquqiy jihatlariga ko‘mak berish yuzasidan fikr almashildi. 

Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli loyihalarni ilgari surishdan, shuningdek, hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani alohida qayd etildi. 

Muloqot yakunida ayollarni tadbirkorlik va innovatsion faoliyatga, IT sohaga, biotexnologiyaga faol jalb etish, ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarning qo‘shma rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.

Mavzuga oid