O‘zbekiston | 22:11 / 07.09.2023
7990
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreya bilan strategik sheriklikning yangi kun tartibini shakllantirish muhimligini aytdi

O‘zbekiston prezidenti Koreya Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri bilan uchrashdi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 sentabr kuni Koreya Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Gyon Xo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. 

Suhbatda azaldan yaqin do‘stlik rishtalariga, xalqlarimizning mentaliteti, an’ana va qadriyatlari o‘xshashligiga asoslangan ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib borayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. 

O‘zbekiston prezidenti Janubiy Koreya bilan keng ko‘lamli hamkorlikning yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish masalalariga to‘xtaldi. 

Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan texnologik va investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni jadallashtirish, infatuzilma, «yashil» energetika, davlat boshqaruvi, moliya, raqamlashtirish va kadrlar tayyorlash borasidagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tildi. 

Ikki mamlakat hududlari o‘rtasida samarali muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish uchun keng imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.

Mavzuga oid