Jahon | 14:34 / 08.09.2023
6903
3 daqiqa o‘qiladi

Kubaliklarni Rossiya-Ukraina urushiga yollash ishi bo‘yicha 17 kishi hibsga olindi

Prokuror Xose Luis Royyesning aytishicha, kubaliklarni Ukraina urushiga jalb qilishda ishtirok etganlar 30 yilgacha qamoq yoki umrbod qamoq jazosiga mahkum etilishi mumkin. 

Foto: Franklin Reyes/AP/picture alliance

Kubada ham mamlakatdagi, ham Rossiyadagi kubaliklarni Rossiya armiyasiga jalb qilgan jinoiy tarmoq faoliyatiga aloqador 17 kishi hibsga olindi. «Tekshiruv natijasida hozirgacha 17 kishi hibsga olindi, ular orasida ushbu faoliyatning ichki tashkilotchisi ham bor», — dedi Kuba IIV polkovnigi Sezar Rodriges 7 sentabr, payshanba kuni kechqurun televideniyeda. 

U ayblanuvchilarning ismini keltirmadi, lekin guruh rahbari kubaliklarni yollash jarayonida Kubada yashovchi ikki kishiga tayanganini aytdi. O‘z navbatida, prokuror Xose Luis Reyyes jinoiy tarmoq ishtirokchilari sodir etgan jinoyatlarining og‘irligi va xususiyatidan kelib chiqib, 30 yilgacha qamoq, umrbod qamoq yoki o‘lim jazosiga mahkum etilishi mumkinligini aytdi. Ular turli jinoyatlarda, jumladan, odam savdosi, yollash faoliyati va dushmanlik harakatlarida ayblanishi mumkin. 

Ukrainadagi urushga kubaliklarni yollash bilan shug‘ullangan tarmoq fosh etildi

Kuba hukumati bir necha kun oldin ushbu mamlakat fuqarolarini Rossiya-Ukraina urushida qatnashish uchun yollashda gumon qilinayotgan tarmoqni aniqlagandi. Kuba Ichki ishlar vazirligi «Rossiyada faoliyat yurituvchi, u yerda yashovchi kubaliklarni va hatto Kubadagi fuqarolarni Ukrainadagi harbiy amaliyotlarda qatnashayotgan qurolli kuchlarga yollash bo‘yicha tarmoqni zararsizlantirish va tugatish ustida ishlamoqda», - deyiladi Kuba TIVning 4 sentabr kungi bayonotida.

«Kubaning dushmanlari mamlakat obro‘siga putur yetkazish va uni bu harakatlarga sherik sifatida ko‘rsatish maqsadida buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tarqatmoqda, biz buni qat’iyan rad etamiz», — deyiladi bayonotda.  

Tashqi ishlar vazirligi bu mamlakat «Ukrainaga qarshi urushda qatnashmayotgani», shuningdek, «qat’iy va aniq tarixiy pozitsiyani egallab turgani», bu yollash faoliyatini rad etishi hamda va unga qarshi milliy darajada ham, BMT darajasida ham kurash olib borilayotganini bildirdi. Xususan, Kuba Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan ma’qullangan yollash bo‘yicha faoliyatga qarshi bir qancha tashabbuslar muallifi bo‘lgan. 

So‘nggi paytlarda Kuba va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar faollashdi. Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel 2022 yil oxirida Moskvaga tashrif buyurib, rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashdi. Iyun oyida Kuba mudofaa vaziri Alvaro Lopes Miyera Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu tomonidan qabul qilingan edi.  

Mavzuga oid