11:17 / 09.09.2023
7808

DXX 19 kg «gashish» giyohvandlik vositasining kontrabandasiga chek qo‘ydi

Hozirda tegishli shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Foto: Kadr iz video

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat bojxona va ichki ishlar boshqarmalari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Yangiqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning yashash xonadonida Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan 9 kg 766 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.

Andijon – Namangan yo‘nalishida harakatlanayotgan, Paxtaobod tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina DXX va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan Uychi tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada, uning salon qismida Qirg‘izistondan olib kelingan 1 kg 379 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Piskent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam Tojikistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilib, xufiya joyga yashirib ketilgan 8 kg “gashish” moddasini qabul qilib olgan vaqtlarida Farg‘ona viloyatida yashovchi 2 nafar shaxs ushlandi.

Shuningdek, Bekobod shahrida yashovchi fuqaro ushbu giyohvandlik vositasini muqaddam mazkur joyga qoldirib ketgani aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246- va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top