17:21 / 15.09.2023
203078

“Tolibon” Afg‘onistoni va geosiyosat: Xitoy kelishuvni buzdimi?

Xitoy birinchi bo‘lib toliblarga o‘zining elchisini yubordi. Lekin shu paytgacha dunyodagi qudratli davlatlar o‘rtasida norasmiy kelishuv bor edi: “Tan olsak, “Tolibon”ni hammamiz kelishib tan olamiz. Lekin toliblar hammamizning umumiy shartlarimizni qabul qilishi kerak: inklyuziv hukumat, ayollar huquqlari... Hech kim o‘zboshimchalik bilan tan olmasligi kerak”.

Xitoyning Afg‘onistondagi yangi elchisi Zao Sheng “Tolibon” hukumatidagi bosh vazir Muhammad Hasan Ohund bilan ko‘rishmoqda. / Foto: “Tolibon” bosh vazirining matbuot xizmati

Mana, kutilmaganda Xitoy Xalq Respublikasi Kobulga rasman o‘zining elchisini yubordi. Bu bilan Pekin boshqa qudratli davlatlar bilan o‘zaro norasmiy kelishuvlarini buzdi. Xitoy “Tolibon”ni rasman tan olmasdan, bosqichma-bosqich legallashtirish taktikasini qo‘llamoqda.

Endi hademay Rossiya va boshqa davlatlar ham o‘zlarining yangi elchilarini yuborish ehtimoli oshdi. Aniqlashtirish kerakki, shu paytgacha Kobulda eski elchilar o‘tiribdi. Bu elchilar oldingi afg‘on prezidenti Ashraf G‘aniga ishonch yorliqlarini topshirgandi. Birinchi bo‘lib Xitoy o‘zining elchisini yangilamoqda va “Tolibon”ga ishonch yorliqlarini topshirmoqda.

Dunyoda geosiyosiy diffuziya, tarqoqlik va ziddiyatlar juda tez kuchaymoqda, sifat jihatidan oshmoqda.

Qiyoslash uchun, “Tolibon”ning birinchi versiyasi (1996-2001 y.) hokimiyatga kelganda, bu rejimni birinchi bo‘lib uchta musulmon davlati tan olgandi. Bular – Pokiston, Saudiya Arabistoni va Arab Amirligi edi. Ya’ni asosiy motiv – geomafkura: “Afg‘oniston hokimiyatiga islomiy kuchlar kelib qolibdi, albatta tan olamiz va qo‘llab-quvvatlaymiz... Zero bizlar ham musulmon davlatlarimiz”.

Bu safar esa, “Tolibon”ga birinchi bo‘lib Xitoy elchi yubordi. Rossiya ham toliblar bilan ancha osh-qatiq. Oldingi uchta va boshqa musulmon davlatlari esa, u qadar hissiyotga berilishmadi.

Demak, bu safar eng asosiy motiv – geosiyosat: “Qaysi dinga e’tiqod qilsang ham, katta maydonda kim senga do‘st-u, kim dushman – mana shunisi muhim”.

Mavzu
Rabbimov fikri
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'dagi mualliflik kolonkasi
Barchasi
Top