Jahon | 22:27 / 20.09.2023
9445
2 daqiqa o‘qiladi

G‘arbdagi lobbilarning Ozarboyjon–Armaniston nizosiga ta’siri qanday?

Siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Suhrob Bo‘ronov Qorabog‘ ziddiyatida AQSh va Fransiyadagi arman lobbilarining ta’siri qay darajada ekani haqida so‘z yuritdi.

Kamoliddin Rabbimov:

— Fransiyada arman lobbisi judayam kuchli. Chunki 20-asrda ko‘zga ko‘ringan san’at arboblari, qo‘shiqchilar va boshqa namoyandalar Fransiya tafakkuriga Armaniston to‘g‘risida juda ham ijobiy signallar bergan. Sharl Aznavurning o‘zi Fransiya madaniyati uchun juda ham katta shaxs bo‘lgan.

AQShda ham arman lobbisi bor. Lekin globallashgan dunyoda bir tomonda Turkiya, Ozarboyjon, Markaziy Osiyo manfaatlari turibdi. Kavkaz mintaqasida Ozarboyjon so‘nggi 30 yilda Rossiyaga yaqinlashmagan va G‘arbga talpingan davlat bo‘lsa-da, bu yaqinlashish NATOga yoki YeIga kirishga urinish bo‘lmagan. Asosan iqtisodiy va geosiyosiy maqsadlar ko‘zlangan. Deylik, Ozarboyjon Isroil bilan juda yaqin aloqalarda, Isroil urushda ham to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Bundan tashqari, avtoritar davlat bo‘lsa-da, AQSh bilan munosabatlari yaxshi va uzoq yillik. Ichki siyosatida ma’lum bir ziddiyatlar mavjud bo‘lsa ham, Kavkazdagi G‘arbga yo‘nalish olgan davlat hisoblanadi.

Suhrob Bo‘ronov:

— Mintaqadagi vaziyat keskinlashib ketadigan bo‘lsa, Armaniston oldida ikkita tanlov qoladi. Birinchisi: AQShdagi lobbilarini ishga solish, chunki anchagina katta ta’sirga ega ular. Bu holatda yahudiy lobbisi va arman lobbisi o‘rtasida kurash bo‘lishi mumkin, buni ham e’tiborga olish kerak.

Ikkinchisi esa Eron tanlovi bo‘ladi. Bu ikki tanlov bir-biridan ancha uzoq. Menimcha, Eron tanlovi qiyin masala. Hozir Armanistonning G‘arb bilan aloqalari ko‘proq. Lekin Eron Armaniston roziligisiz ham bu hududga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin.

Mavzuga oid