Jahon | 21:24 / 20.09.2023
21026
2 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘da rossiyalik harbiylar halok bo‘ldi. Ularning avtomobili o‘qqa tutilgan

Hodisa oqibatida Rossiya tinchlikparvar kuchlari safida bo‘lgan 5 nafar harbiy halok bo‘lgani aytilmoqda.

RIA Novosti © Maksim Blinov

20 sentabr kuni Qorabog‘da ichida rossiyalik harbiylar bo‘lgan avtomobil o‘qqa tutildi, ular halok bo‘lgan. Bu haqda RF mudofaa vazirligi xabar berdi.

Hodisa «Rossiya tinchlikparvar kontingenti Janyatog‘ aholi yashash manzili hududidagi kuzatuv postidan qaytayotganida ro‘y bergan», deya qayd etilgan vazirlik xabarida.

Otishma o‘qotar qurol orqali amalga oshirilgan. Kim o‘t ochgani ma’lum emas. Vazirlik mashinada necha kishi bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.

«Hodisaning barcha tafsilotlarini aniqlashtirish uchun voqea joyida Rossiya va Ozarboyjon tergov organlari vakillari ishlamoqda», — deya qayd etgan RF mudofaa vazirligi.

Rossiya telegram-kanallari esa hodisa oqibatida besh nafar rossiyalik harbiy halok bo‘lgani haqida yozmoqda.

  • Ozarboyjon 19 sentabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi tomonidan nazorat qilinadigan hududni o‘qqa tutishni boshlagandi, bundan maqsad «konstitutsiyaviy tartibni tiklash» ekani ma’lum qilingandi. Taxminan bir kun o‘tib tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
  • Rossiyalik tinchlikparvar kuchlar 2020 yilgi 40 kunlik urush yakunida Ozarboyjon, Armaniston va Rossiya ishtirokida tuzilgan kelishuv asosida sulh shartlariga rioya qilinishini ta’minlash uchun mazkur hududga joylashtirilgandi.
  • RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Qorabog‘da bo‘layotgan ishlarni Ozarboyjonning ichki ishi deb atagan va «gap yuridik jihatdan Ozarboyjon o‘z hududida olib borayotgan harakatlar haqida ketayotgani»ni ta’kidladi.

Mavzuga oid