Til xalqning hayoti bilan doimo ta’sirlashuvda turadi. Shuning uchun xalq turmushidagi o‘zgarishlar va yangilanishlarni aks ettirishi tabiiy kechadi. Tildan tashqarida yuz beradigan o‘zgarishlarning tilga ta’siri shu darajada kattaki, u milliy dunyoqarashning yangilanishiga, milliy mentalitetning o‘zgarishiga ham sabab bo‘ladi. Masalan, islom dinining O‘rta Osiyoda keng tarqalishi va singishi yerli xalqlar ma’naviy hayotining barcha sohalarida bo‘lgani kabi ularning bolani nomlash odatlari hamda an’analariga ham katta ta’sir ko‘rsatdi. XX asrning birinchi choragidan boshlanib qariyb yetmish yil davom etgan sho‘ro mafkurasi, sovetcha tutum, yangicha iqtisodiy siyosat o‘zbek xalqining ming yillik hayot tarzini keskin o‘zgartirdi, asosan islomiy aqidalar ta’sirida yashagan o‘zbeklar hayotga sovetcha ko‘z bilan qarashga o‘tdi. Mafkuraviy ta’sirlar orqali xalqning butun aqliy-ruhiy olamiga kirib borish yo‘lidan borildi. Va bunday ta’sirlar chorakam bir asr davom etdi.

Sho‘rocha dunyoqarash ta’siri o‘zbek ismchiligida ilgari ko‘rilmagan Marks, Frunze, Fidel, Marlen, Inqilob, Oktyabr singari ismlarni yuzaga keltirdi. Hozir birmuncha g‘alati tuyuladigan mazkur ismlar faqat shaharlik o‘zbek oilalaridagina emas, markazdan uzoqda istiqomat qiladigan oilalar farzandlariga ham ism sifatida qo‘yildi. Kimdir o‘sha davrning allomalariga havas qilib, yana kimdir o‘sha davrning muhim siyosiy voqealari arafasida tug‘ilgani uchun, yana kimdir o‘z e’tiqodining ramzi sifatida, boshqa biri kimlargadir taqlid qilib farzandiga shunday ismlarni tanlagan. Diqqat qilinsa, sovetcha ismlarni qo‘ygan kishilar dunyoqarashida shunday tutum normal holat sanalgan.

Taniqli yozuvchi Ahmad A’zam bir hikoyasida Marlen ismli kishining tilidan o‘z ismining qo‘yilishiga sabab bo‘lgan yana bir motivni beradi. Ushbu motiv o‘sha davrda ayrim kishilarda shakllangan dunyoqarashni va bunday dunyoqarashning ism berishga ta’sirini ko‘rsatadi: Ha, aytgancha, avval tanishib olaylik, mening otim Marlen, yo‘q, boshqa millatdan emas, o‘zbekman, shu, otamiz anuv qama-qama yillari ko‘p azob tortib (shu hozir aniq esimda qolmabdi, bobosi qamalib yo‘q bo‘lib ketganmi, otasimi, ishqilib, repressiyani boshidan o‘tkazgan), hukumatga yaxshi ko‘rinmasam bo‘lmaydi deb, otimni Marks bilan Leninning qisqartmasi qilib Marlen qo‘ygan... («Marlen degan odam» hikoyasidan)