Ozodbek bahordan to kuz fasli boshlangunga qadar dalada bir qo‘li bilan g‘isht quyadi. Barmoqsiz qolgan qo‘l sovuqda gazak olmasin deb salqin havo kirib kelishi bilan mavsumiy ishni to‘xtatadi. Qish ichi qishlog‘ida qurilishlarda ishlaydi. Paxta titish korxonasida yuz bergan baxtsiz hodisada Ozodbek bir qo‘lidan ayrilgan. Bir qo‘l bilan qolish uni hayotda yanada kuchliroq bo‘lishga undadi.

Oilaga baxtsizliklar ketma-ket keldi. 2006 yilda Ozodbek bir qo‘lidan ayrildi. 2020 yilning kuzida uning singlisi jigar xastaligidan vafot etdi. Oradan 4 oy o‘tib esa Toshkentga ish bilan borgan akasi Azizbekni yuk mashinasi bosib ketib halok bo‘ldi. Ketma-ket baxtsizliklar oila kattalarining boshini egib qo‘ydi. Ozodbekning otasi Parpitosh aka eski, ammo qishloqbop mashinasida kirakashlik qiladi. Ko‘chaga chiqib odamlar bilan gaplashsam ko‘rgiliklarni unutganday bo‘laman, deydi ikki farzandini tuproqqa qo‘ygan Parpitosh aka. Ota bugun Ozodbekka suyanib qolgan.

Salkam 40 yoshni qarshilagan Ozodbekning bir qo‘l bilan bo‘lsa-da odamlarga manfaati tegyapti. Yozda g‘isht quyadi, kuz keldi deguncha qishlog‘ida qurilishlarda ishlaydi.

“Andijonning Shahrixon tumani Nayman mahallasida yashayman. 3 nafar farzandim bor. G‘isht quyib tirikchilik qilaman. 2006 yilda sexda “stanokka” kirib ketgan qo‘limni kesib tashlashgan.

Baxtsiz hodisadan keyin ham sexda ishladim, ammo ba’zi kelishmovchiliklar sabab ketdim u yerdan. 2012 yilda maktabga qorovul bo‘lib ishga kirdim, u yerda ham 5-6 yilcha ishladim. Ish topish qiyin bo‘ldi. Bir nechta sheriklar bilan kelishib, g‘isht quyadigan bo‘ldik. Shu-shu 2018 yildan beri g‘isht quyib kelaman. Qo‘ldan kelgancha qilyapman. Kuniga 300-400 ta g‘isht quyaman.

Qo‘lim kesilgach, boshida juda qiyin bo‘lgan. Doktorning operatsiyaga kirayotganda hamshiraga «arrani ham ol» degan gapi hech esimdan chiqmaydi. Qo‘limni kesma, deb haqorat ham qilganman ularni. Hayot men uchun to‘xtab qolgandek edi. Yashagim ham kelmagan boshida. Vaqt oliy hakam ekan. Endi hammasiga ko‘nikdim. Atrofimdagi odamlarga havas qilaman. Ba’zida biror ish qilayotganimda xuddi qo‘lim bordek olib kelaman, ammo bo‘lmaydi... Inson har narsaning qadriga yetishi kerak ekan.