Ko‘chmas mulk | 11:38
1005
3 daqiqa o‘qiladi

Oxirgi 15 oyda Raqobat qo‘mitasiga Golden House ustidan 74 ta shikoyat kelib tushdi

Raqobat qo‘mitasiga 2025 yil va 2026 yilning birinchi choragi davomida Golden House kompaniyasi ustidan o‘nlab murojaatlar kelib tushgan. Qo‘mita aralashuvi natijasida 4 nafar iste’molchi foydasiga 1 mlrd 128 mln so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan. Shuningdek, 10 ta holat yuzasidan tekshiruv olib borilyapti.

2025 -2026 yillarda Golden House Property Group MChJning faoliyati yuzasidan jami 74 ta shikoyat kelib tushdi, deya xabar berdi Raqobat qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, ushbu shikoyatlardan 54 tasi quruvchi hamda fuqaro o‘rtasida o‘zaro kelishuv bitimi imzolanishi yoki nizolarning sudgacha mediatsiya yo‘li bilan hal etilishi natijasida ijobiy hal etilib, iste’molchilar foydasiga 1 mlrd 128 mln 669 ming so‘m miqdorda pul mablag‘lari qayta hisob-kitob qilingan.

Xususan, 2025 yil davomida Golden House Property Group MChJ faoliyatidan norozi bo‘lib jami 40 nafar fuqaro murojaat qoldirgan. Ushbu murojaatlarning 35 tasi (87 foizi) ijobiy hal etilgan, shundan, 31 tasi quruvchi hamda fuqaro o‘rtasida o‘zaro kelishuv bitimi imzolanishi orqali hal etilgan bo‘lsa, 4 nafar fuqaroning foydasiga jami 1 mlrd 128 mln 669 ming so‘m miqdorda pul mablag‘i qayta hisob-kitob qilib berilgan.

2026 yilning 1-choragi davomida ham mazkur quruvchi korxona faoliyatidan norozi bo‘lib 34 nafar fuqarodan murojaatlar kelib tushgan. Shundan 19 tasi (56 foizi) qanoatlantirilgan bo‘lsa, 5 ta holatda belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan, 10 ta murojaat yuzasidan vakolatli tashkilotni xabardor etgan holda tekshiruv tayinlangan.

«Ijtimoiy tarmoqlar orqali ham aynan yuqoridagi qurilish korxonasi va umuman bu sohada murojaatlar ortayotgani bir necha bor muhokama qilinmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi barcha quruvchi korxonalarni iste’molchilar bilan shartnoma tuzishda qurilishni bitkazish imkoniyatlaridan kelib chiqib oqilona va aniq muddatlarini belgilashga, iste’molchilarga qonunchilikda berilgan imtiyoz va huquqlarni cheklamaslik choralarini ko‘rishlarini so‘rab qoladi», deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Raqobat qo‘mitasiga 2023 yil 19 mingta, 2024 yilda 28 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yilga kelib qariyb 54 mingga yetgan.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid