Jahon | 23:14 / 27.09.2023
9453
2 daqiqa o‘qiladi

Navalniy bir yil muddatga eng qattiq izolyatsiya kamerasiga o‘tkaziladi

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy qamoqxonada saqlash rejimi kuchaytirilishini, «bitta kamerali xona»ga o‘tkazilishini aytdi.

Foto: AP

«O‘zimni tushkunlik yoqasiga borib qolgan rok-yulduzidek his qilyapman. Xit-paradning yuqori cho‘qqisiga chiqdim, endi intilish uchun boshqa narsa yo‘q. Boshqa tomondan, men yuqoriga uchmadim, balki pastga quladim. U yerda esa, siz bilganingizdek, har doim pastdan taqillatishlari mumkin», deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda. 

Navalniy «tuzalmaydigan bo‘lib qolgani» tufayli bir yil muddatga «bitta kamerali xona»ga joylashtiriladi. Bu har qanday koloniyalardagi eng og‘ir jazodir. Bungacha unga nisbatan turli jazo usullarini qo‘llashgan: jazoni o‘tash shartlarini kuchaytirishgan, bir necha bor jazo izolyatoriga o‘tkazishgan va kamera tipidagi xonaga joylashtirishgan. 

4 avgust kuni Moskva shahar sudi Navalniyni ekstremizmni moliyalashtirish, ekstremistik jamiyatni tashkil qilish va ekstremizmga chaqiruvlar bo‘yicha aybdor deb topib, 19 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi. 

Navalniy hozir Vladimir viloyatining Melexovo shahridagi 6-sonli koloniyada jazoni o‘tamoqda. 

The Insider ma’lumotiga ko‘ra, «bitta kamerali xona»da mahbuslar shafqatsiz qiynoqqa solinadi. Advokatlar uchun ushbu «qamoqxonadagi qamoqxona»da bo‘lgan mijozlari bilan uchrashish qiyin. Bundan tashqari, ularga kamerada nima sodir bo‘lgani haqida gapirmasligi uchun tahdid qilinadi. 

Bunday kameradan o‘tganlar turli qiynoq usullari: qo‘l va oyoqlarni mushaklar uzilguncha burash, tovonga bolg‘a bilan urish, boshiga paket kiydirish, hushini yo‘qotmaguncha bo‘g‘ish, yuziga sochiq qo‘yib, choynakdan suv quyish, elektroshoker bilan qiynash kabilar haqida xabar berishgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid