Jahon | 14:00 / 30.09.2023
8994
3 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon Germaniya prezidentini Tojikistonga taklif qildi

Tojikiston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti bilan uchrashuvida ishtirok etdi.

Foto: Reuters

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Germaniya Federativ Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer bilan uchrashuvda ishtirok etdi, deya xabar bermoqda Tojikiston rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda tomonlarning mintaqaviy hamkorligi masalalari hamda «Markaziy Osiyo va Germaniya Federativ Respublikasi» sammiti kun tartibi muhokama qilindi. 

Rahmon mezbon davlat rahbariyatining samimiy uchrashuvi, yig‘ilish va muloqot qilish imkoniyati yaratilganidan mamnunligini bildirdi. 

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy sohalarda mintaqaviy va ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi. 

Shu bilan birga, sanoat, suv-energetika majmui, transport, kommunikatsiya va turizmning turli yo‘nalishlariga sarmoya kiritishda mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish muhim deb e’tirof etildi. 

Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish chog‘ida tobora kuchayib borayotgan tahdid va xavf-xatarlar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatga e’tibor qaratildi. 

Tojikiston davlati rahbari mamlakatning mavjud imkoniyatlari va salohiyati, jumladan, o‘zaro manfaatli ustuvor yo‘nalishlar masalasiga ham alohida urg‘u berdi. 

Suhbat yakunida Imomali Rahmon Germaniya Federativ Respublikasi prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda Tojikistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qildi. 

29 sentabr kuni Berlinda «Germaniya – Markaziy Osiyo» sammiti bo‘lib o‘tdi, unda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ishtirok etdi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Germaniyaning yuqori darajadagi rasmiylari – Germaniya kansleri Olaf Shols va prezident Frank-Valter Shtaynmayyer bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. 

Bu «Germaniya – Markaziy Osiyo» formatidagi birinchi sammitdir. 

Mavzuga oid