30 sentabr, shanba kuni AQSh hukumati federal shatdaunga yopilishdan qutulib qoldi. Budjet to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha muhokamalar bir necha haftaga cho‘zilib, moliya yilining oxirgi kuniga kelibgina qabul qilindi.

The Hill'ning yozishicha, budjet bo‘yicha kelisha olmayotgan Amerika qonunchilarida shanba kuni tongda shatdaun ro‘y berishiga ishonch yuqori edi. Lekin shu kuni Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Kevin Makkarti kutilmaganda o‘zining qat’iy pozitsiyasiga ega partiyadoshlariga qarshi taklifni ilgari surib, voqealar rivojida burilish yasadi.

Tasdiqlangan va 1 oktyabrdan 17 noyabrgacha amal qiladigan budjet to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, hukumat organlarini avvalgidek darajada moliyalashtirish davom etadi (shatdaun bo‘lmaydi), tabiiy ofatlarga qarshi kurashish uchun 16 mlrd dollar ajratiladi. Murosaga kelish uchun demokratlar Ukrainaga hozircha qo‘shimcha yordam ajratmay turishga ko‘nishga majbur bo‘ldi, respublikachilar esa xarajatlarni qisqartirish talabidan vaqtincha voz kechdi.

Qonun loyihasi kun davomida Vakillar palatasi va Senatdan o‘tib, prezident Jo Bayden tomonidan 1 oktyabrga o‘tar kechasi imzolandi.

“Men hukumatning 47 kun davomida ochiq qolishini ko‘zda tutiladigan qonunni hozirgina imzoladim. Keyingi moliya yili uchun hukumatni moliyalashtirishga oid qonunlarni qabul qilishga yetarlicha vaqt bor va men Kongressni hoziroq ish boshlashga qat’iyan chaqiraman”, – deb yozdi Bayden Vashinton vaqti bilan soat 23:28da X tarmog‘iga joylangan postida.

Prezidentning qonunchilarga qaratilgan bunday “qat’iy” chorlovi bejiz emas. Agar keyingi 7 hafta davomida Kongress 2023 yilgi moliya yili budjeti bo‘yicha murosaga kela olmasa, federal hukumat yana shatdaun tahdidi ostida qoladi.

Shatdaun nima?

AQShda davlat budjeti xalq vakillari – kongressmenlar tomonidan tasdiqlanmay turib, davlat xarajatlari qilinmaydi. Shuningdek, tasdiqlangan xarajatlarning belgilangan limitlardan tashqariga chiqishi uchun ham oldindan Kongressning roziligi talab etiladi. Kongressda esa demokratlar va respublikachilar har doim ham budjet pullarini qayerga ishlatish bo‘yicha tezgina bir to‘xtamga kelavermaydi.

Agar muhokamalar natijasida baribir kelishuvga erishilmasa, shatdaun ro‘y beradi – federal organlar o‘zlarining faqat bazaviy funksiyalarini bajarishga o‘tadi, fuqarolar esa ko‘plab davlat xizmatlaridan foydalana olmaydi.