Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berishni oktyabr oyi oxiriga qoldirdi
Yetkazib berish 1 oktyabrdan boshlanishi haqida avval xabar berilgan edi.
Foto: KazTransGaz
Qozog‘iston Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitini avval rejalashtirilganidek 1 oktyabrdan emas, faqat oktyabr oyining oxirida boshlaydi. Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida ta’kidlaganidek, gaz quvurida ta’mirlash ishlari hali ham davom etmoqda, Qozog‘istonga hali zarur ariza kelib tushmagan.
«Hozirda Qozog‘iston Respublikasi hududida qurilish bilan bog‘liq ishlar yakunlanib, gazni hisobga olish uchun alohida liniya ajratilgan. Jadvalga ko‘ra, oktyabr oyi oxirigacha ishlar yakunlanishi kerak», — dedi Satkaliyev.
Qozog‘iston avvalroq 1 oktyabrdan tranzitni boshlashni rejalashtirgani haqidagi savolga javob berar ekan, vazir shunday tushuntirdi: «Ta’mirlash ishlari yakunlanmoqda va ushbu tranzitni ta’minlash imkoniyati bilan bog‘liq foydalanishga topshirish masalalari ishlab chiqilmoqda. Shu munosabat bilan biz ushbu ishni yakunlashimiz bilanoq tegishli bayonot beramiz».
Uning qo‘shimcha qilishicha, gaz hajmi hali ham kelishib olinmoqda va ariza kelib tushishi bilan Qozog‘iston uni e’lon qilishi mumkin.
Avvalroq vazirlik Qozog‘iston 1 oktyabrdan O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berishni boshlashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi. Dastlab 10 milliard kubometr gaz haqida gap borgan.
2022 yilning oxirida Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida o‘ziga xos uch tomonlama ittifoqini tashkil etish, shu jumladan, gaz sohasidagi muammolarni hal qilish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlash g‘oyasi kun tartibiga chiqdi. Bu boradagi taklifni RF prezidentni Vladimir Putin ilgari surgan.
Lekin O‘zbekiston, Rossiyadan gaz xarid qilinadigan bo‘lsa, bu ittifoq tarzidagi kelishuv asosida emas, oldi-sotdi shartnomasi shaklida bo‘lishini bildirgan.
2023 yil yanvar oyida O‘zbekiston Energetika vazirligi va «Gazprom» o‘rtasida gaz sohasidagi hamkorlik bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangan edi. Kelishuvda joriy yil mart oyidan boshlab «O‘rta Osiyo – Markaz» quvuri orqali reversiv tartibda Rossiyadan O‘zbekistonga bozor narxida gaz yetkazib berishni boshlash uchun zarur texnik choralar ko‘zda tutilgan edi. Rossiya kompaniyasi shunga o‘xshash shartnomani deyarli bir vaqtda Qozog‘iston bilan ham imzolagan.
30 may kuni O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va «Gazprom» raisi Aleksey Miller uchrashuvida RFdan O‘zbekistonga gaz yetkazish masalasi ko‘rib chiqildi.
16 iyun kuni Sankt-Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumida Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma va respublika gaz uzatish tizimini Rossiya gazini qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi.
19 iyunda O‘zbekiston Energetika vazirligi Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tafsilotlarini ma’lum qildi. Gaz oldi-sotdisi bo‘yicha shartnoma UzGastrade AJ va «Gazprom eksport» MChJ o‘rtasida 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, shartnoma doirasida joriy yil 1 oktyabridan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi mo‘ljallangandi.
Mavzuga oid
19:10 / 21.02.2026
O‘zbekiston va Qozog‘iston temiryo‘l tashuvlari hajmini oshiradi
13:50 / 21.02.2026
Qozog‘iston va O‘zbekiston temiryo‘lda yuk tashish hajmini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi
22:36 / 19.02.2026
Qozog‘iston va yana to‘rt davlat G‘azodagi xavfsizlik kuchlariga qo‘shin yuboradi
09:36 / 14.02.2026