Misr Isroilni yaqinlashayotgan «dahshatli operatsiya» haqida ogohlantirganini da’vo qildi
Misr razvedkasi Isroil «ogohlantirishni» e’tiborga olmaganini ta’kidlamoqda. Isroil rasmiylari buni rad qilyapti.
Misr Umumiy razvedka xizmati rahbari Abbos Komil Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni G‘azo sektorida kutilayotgan «dahshatli operatsiya» haqida ogohlantirgan. Bu haqda Isroilning «Yediot Ahronot» gazetasi yozdi. O‘z navbatida, Netanyaxu ma’muriyati buni «yolg‘on» deb atadi.
Qayd qilinishicha, Misr razvedkasi Isroilga HAMAS hujumidan o‘n kun oldin G‘azo sektori atrofida «odatdan tashqari narsa, dahshatli operatsiya» sodir bo‘lishi haqida xabar bergan. Biroq, Netanyaxu buni e’tiborsiz qoldirgani, Abbos Komil esa bundan hayratga tushgani aytilmoqda.
Gazeta manbalariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri TsAXAL e’tiborni G‘azo sektoriga emas, O‘rdun daryosining G‘arbiy Sohilida terrorizmga qarshi kurashga qaratganini aytgan.
Netanyaxu ma’muriyati «Yediot Ahronot» materialini «yolg‘on» deb atadi.
Associated Press xabariga ko‘ra, Misr razvedkasi isroilliklar bilan «qandaydir katta operatsiya» tayyorlanayotgani haqida bir necha bor gaplashgan, ammo Isroil rasmiylari o‘z e’tiborini G‘arbiy Sohilga qaratgan va «G‘azo tahdidiga» e’tibor qaratmagan.
7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS harakati a’zolari Isroilga qo‘qqisdan hujum qildi. Ular uch mingga yaqin raketa otib, chegara hududlariga bostirib kirgan. Shundan so‘ng ular isroillik harbiylar bilan jangga kirishgan va o‘nlab odamlarni garovga olgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektoriga yirik hujumlarni boshladi. Isroil urush holatida ekanini rasman e’lon qildi.
Isroil rasmiylari 700 nafardan ortiq kishi halok bo‘lgani va 2400 kishi yaralangani haqida xabar berdi. Falastin rasmiylarining xabar berishicha, javob zarbalari oqibatida G‘azo sektorida 560 kishi halok bo‘lgan, yana 2700 kishi yaralangan.
The New York Times gazetasining yozishicha, Isroil razvedka xizmatlaridan hech biri HAMAS a’zolari hujumga tayyorlanayotganini bilmagan. The Wall Street Journal gazetasining ta’kidlashicha, Isroilga hujumni rejalashtirishda HAMAS guruhiga Eron xavfsizlik xizmati yordam bergan. Tehron bunga javoban Falastinni qo‘llab-quvvatlashini, biroq HAMAS hujumiga yordam bermaganini ta’kidladi.
Mavzuga oid
23:30 / 05.11.2024
Binyamin Netanyahu Isroil mudofaa vazirini lavozimdan oldi
16:18 / 05.11.2024
Isroilning urush jinoyatlari uchun ramziy «G‘azo tribunali» tuzildi
15:50 / 05.11.2024
Isroil armiyasining G‘azodagi yo‘qotishlari 781 kishiga yetdi
15:10 / 05.11.2024