Jahon | 08:37 / 10.10.2023
10508
3 daqiqa o‘qiladi

YeI: Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi Kiyevga yordamga ta’sir qilmaydi

Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaroning keskinlashishi Yevropa Ittifoqining Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamiga ta’sir qilishidan xavotirlanish uchun hech qanday asos yo‘q, deya bildirdi Yevrokomissiya. Yevropa Ittifoqining e’tibori bu ustuvor mavzuda qolishi aytildi.

Foto: akub Porzycki / NurPhoto via Getty Images

Ukrainaga qarshi urushda Rossiya har qanday xalqaro o‘zgarishlardan manfaat ko‘rishga harakat qilmoqda, biroq Yevropa Ittifoqining Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga hech narsa ta’sir qilmaydi, dedi 9 oktyabr, dushanba kuni Yevrokomissiya rasmiy vakili Erik Mamer. U DW muxbirining Yaqin Sharqdagi mojaro avj olishi Ukrainaga yordamga qanday ta’sir qiladi, degan savolga: «Yordam davom etishiga zarracha shubha bo‘lishi mumkin emas», deb javob berdi.

U Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyenning 7 oktyabr kuni Bordodagi nutqiga ishora qildi. «Rossiya bilan mojaroda biz Ukraina xalqini kerak bo‘lgunicha qo‘llab-quvvatlaymiz», - deya Mamer uning so‘zlarini keltirgan. Uning fikricha, Isroil va HAMAS o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib borayotgani Yevropa Ittifoqining Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordamiga hech qanday aloqasi yo‘q. 

Bildirilishicha, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining 10 oktyabr kuni bosh diplomat Jozep Borrel tomonidan chaqirilgan favqulodda norasmiy yig‘ilishi hozircha kun tartibiga ega emas. «Uchrashuvdan maqsad (Isroil va Falastin ma’muriyatida) nima bo‘lganini va Yevropa Ittifoqining javobi qanday bo‘lishi kerakligini muhokama qilish, - dedi Peter Stano. - Men vazirlardan nima bo‘layotganini barcha jihatlari va butun kontekstini muhokama qilishini kutaman. Isroil va HAMAS o‘rtasidagi hozirgi qarama-qarshilik nuqtai nazaridan vaziyatni o‘rganish kerak». Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari o‘z uchrashuvlarida doimo Ukraina mavzusini muhokama qiladi, chunki bu juda muhim. 

«Albatta, Rossiya xalqaro miqyosda sodir bo‘layotgan hamma narsadan, beqarorlikni yoki Ukrainaga qarshi kampaniyani kuchaytirish uchun foydalanishga va suiiste’mol qilishga harakat qilmoqda. Lekin bu Yevropa Ittifoqi Ukraina mavzusidan uzoqlashadi degani emas», - dedi Stano. 

Bir kun avval Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi Urushni o‘rganish instituti (ISW) HAMAS jangchilarining Isroilga qilgan hujumidan Moskva AQSh va Ukrainaning boshqa ittifoqchilari qo‘llab-quvvatlashini kamaytirish maqsadida axborot kampaniyasini o‘tkazishda foydalanayotgani haqida xabar bergan edi. Xususan, Rossiya G‘arbni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash foydasiga Yaqin Sharqdagi mojarolarni e’tiborsiz qoldirganlikda ayblagani va go‘yoki tez orada xalqaro hamjamiyat Ukrainaga e’tibor berishni to‘xtatishini ma’lum qilgani qayd etilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid