11:29 / 12.10.2023
15215

«Biz transport kollapsiga yaqinlashmayapmiz, balki allaqachon uning ichidamiz» - bloger poytaxtdagi tirbandliklar haqida

Toshkent shahridagi tirbandliklar hamon kun tartibida qolmoqda. Avval poytaxtning bir nuqtasidan ikkinchisiga yetib olish uchun 20-30 daqiqa ketgan bo‘lsa, endi bu vaqt 45-60 daqiqani tashkil etmoqda. 

Fotokollaj: Kun.uz

«Avtomobilga egalik qilish qimmat va noqulay bo‘lishi kerak» — deydi bloger Nikita Makarenko Toshkentdagi oxiri yo‘q tirbandliklar haqida.

U tirbandliklarni bartaraf qilish bo‘yicha barcha yechimlar mavjudligini, fan tomonidan isbotlanganini, javoblar topilganini qayd etib, biroq poytaxtda hech kim buni joriy etishga harakat qilmayotganini ta’kidladi. Makarenko bu borada eng oddiy «yo‘l xaritasi»ni ham keltiradi:

  • ko‘chalar jamoat transporti hamda piyodalarga ustuvorlik bergan holda rejalashtirilishi kerak;
  • jamoat transporti shaxsiy avtomobildan tezroq bo‘lishi shart;
  • shaxsiy avtomobilga egalik qilish qimmat va noqulay bo‘lishi lozim.

Bloger bularning barchasini bir vaqtda amalga oshirish kerak deb hisoblaydi. 

«Biri ikkinchisiga bog‘liq. Dastlabki ikkitasi haqida men va boshqa jurnalistlar yillar davomida yozib kelyapmiz. Biroq bundan hozircha naf yo‘q. Uchinchisi esa juda kam muhokama qilinyapti. Lekin boshlash kerak. Shaharsozlikka zamonaviy yondashuv oldida shunday vazifa bor: avtomobil hashamatga aylanishi kerak. Buning uchun dunyoda turli usullar qo‘llaniladi. 

Asosan:

  • ko‘cha va hovlilarda hech qanday bepul parkovka yo‘q — barcha parkovka qilish mumkin bo‘lgan joylar raqamlangan va ular juda qimmat turadi;
  • shaharga kirish uchun to‘lov (masalan, Londondagi kabi);
  • avtomobilni davlat ro‘yxatidan (qayta o‘tkazish ham) o‘tkazish o‘ta qimmat;
  • avtomobilga egalik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri soliq».

Makarenko Toshkentdagi tirbandliklarni bartaraf qilish uchun birinchi va uchinchi usulni qo‘llashni boshlash kerakligini aytmoqda.

«Avtoturargoh huquq emas, balki imtiyozga aylanishi lozim. Avtomobilni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish esa arzon bo‘lishi kerak emas, bu qimmat va o‘ylab bosilgan qadam bo‘lishi lozim», — deydi bloger.

Kun.uz poytaxtdagi tirbandlik muammosi, uning yechimlari haqida qator maqolalar, mutaxassislar bilan suhbatlar e’lon qilgan. Shaharsoz Iskandar Soliyev Kun.uz bilan suhbatda shahar ichida yo‘l o‘tkazgichlar, estakadalarga ehtiyoj yo‘qligini, muammolarni chorrahalarda svetoforlar bilan hal qilish mumkinligini ta’kidlagandi.

Germaniyada ta’limni davom ettirayotgan shaharsoz Husan Muqimov Kun.uz bilan suhbatda shaharlarda avtomobillarni kamaytirish muhimligini, eng katta prinsip, qonun-qoida — shaharlarning avtomobillar uchun emas, odamlar uchun bo‘lishi kerakligini qayd etgandi. 

«Avtmobil oldim, shahar menga tekin avtoturargoh qilib berishi kerak degan tushuncha eng katta noto‘g‘ri tushunchadir. O‘zbekiston sharoitida har ming kishiga 85 ta avtomobil to‘g‘ri kelayotgan bo‘lsa, bu qolgan 900-800 nafar odam avtomobilsiz yuradi degani. Qolgan piyodalar hisobidan, solig‘idan, ularning harakatlanishga haqqi bo‘lgan jamoat joylari, istirohat bog‘lari hisobidan avtomobillarni «parkovka» qilish kerak emas. Avtomobilsiz yuradigan odamning qaysidir miqdordagi xarajatlari «parkovka»ni ta’minlashga ketadi», — degan edi shaharsoz.

Top