Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polshada saylov natijalari: hukmron partiya parlamentdagi ko‘pchilikni yo‘qotdi
«Qonun va adolat» partiyasi endi parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinlarga ega bo‘lmaydi.
Polsha saylov komissiyasi parlament saylovi uchun berilgan byulletenlarni sanab chiqish jarayonini yakunladi. 17 oktyabr kuni barcha saylov uchastkalarida ovoz berish natijalari ma’lum bo‘ldi, deb yozdi Gazeta Wyborcza.
Qayd qilinishicha, bosh vazir o‘rinbosari Yaroslav Kachinskiy boshchiligidagi hukmron «Qonun va adolat» partiyasi yetakchilik qilmoqda, saylovda qatnashganlarning 35,38 foizi unga ovoz bergan. Ikkinchi o‘rinni 30,7 foiz ovoz bilan sobiq bosh vazir Donald Tusk boshchiligidagi «Fuqarolik platformasi» egallab turibdi.
«Uchinchi yo‘l» va «Yangi so‘llar» muxolifat partiyalari mos ravishda 14,4 va 8,61 foiz ovoz olgan. O‘ta o‘ngchi «Konfederatsiya» 7,16 foiz ovoz to‘plagan.
Saylov faol o‘tgani va ro‘yxatga olinganlarning 74,38 foizi ishtirok etgani aytilmoqda.
Saylov yakunlariga ko‘ra, «Qonun va adolat» partiyasi endi parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinlarga ega bo‘lmaydi. «Fuqarolik platformasi» parlamentga kirgan boshqa muxolif partiyalar bilan koalitsiya tashkil qilib, hukumat tuzish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.