BBC’ning G‘azodagi muxbiri Rushdiy Abu Aluf Isroil harbiy qo‘mondonligi buyrug‘iga bo‘ysungan holda sektor janubiga ko‘chib o‘tgan. Quyida – uning Xon-Yunis shahrida ko‘rganlari haqidagi hikoyasi keltiriladi.

Shimoldan yuz minglab kishilar bu yerga duch kelgan vosita orqali yetib olmoqda — agar yonilg‘i topilsa mashinalarda, agar topilsa ot va eshak aravalarda, boshqa yo‘li bo‘lmasa, piyoda.

Xon-Yunisda ular aholi soni bir kechada ikki barobar ko‘payishiga mutlaqo tayyor bo‘lmagan shaharga duch kelishmoqda.

Har bir xona, har bir burchak, har bir ko‘cha erkaklar, ayollar va bolalar bilan to‘lgan. Va ularning borishga boshqa joyi yo‘q.

HAMAS ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi 48 soatda G‘azoning shimoliy qismida yashovchi 1,1 million kishidan 400 ming nafari Isroil buyrug‘ini bajargan holda Saloh-id-Din ko‘chasi bo‘ylab janubga yo‘l olgan.

Ular orasida ikki kunlik oziq-ovqat zaxirasiga ega men, rafiqam va uch farzandim bor.

Ko‘pchilik uchun G‘azodagi jangarilar Isroilda 1300 kishini o‘ldirganiga javoban isroilliklarning aviazarbalari va boshlanishi kutilayotgan bosqini xavfi — HAMASning uylarini tark etmaslik to‘g‘risidagi buyrug‘idan ustun turadi.

Ammo barcha tomondan bloklangan va tashqi dunyodan uzilgan ushbu tor hududda hech qachon qayerga borib qolishingni bilmaysan. Va hech qayerda xavfsizlik kafolatlanmagan.

Va bombardimonlar tufayli uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan, parishon, juda qo‘rqib ketgan G‘azo aholisining katta qismi buyog‘iga nima bo‘lishini bilmagan holda shu yerda, Xon-Yunisda yig‘ildi.

Odatda 400 ming kishi yashaydigan ushbu shahardagi odamlar soni bir kechada bir milliongacha ko‘paydi. G‘azo shimolidagi aholidan tashqari 2014 yilgi urush vaqtida jiddiy jabr ko‘rgan sharqiy hududlar aholisi ham shu yerga kelgan.

Yuz minglab kishilar G‘azo shimolidan qochmoqda. Foto: Getty Images