Jahon | 09:05 / 18.10.2023
11259
3 daqiqa o‘qiladi

JSST G‘azodagi shifoxonaga qilingan hujumni qoraladi

Falastin tomoni G‘azo sektoridagi kasalxonaga uyushtirilgan hujumda yuzlab insonlar halok bo‘lganini ma’lum qildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari tinch aholini himoya qilishga chaqirdi.

Foto: MAHMUD HAMS / AFP

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) G‘azo sektoridagi Al-Ahli kasalxonasiga qilingan hujumni keskin qoraladi. «Biz tinch aholi va sog‘liqni saqlash muassasalarini zudlik bilan himoya qilishga, shuningdek, evakuatsiya bo‘yicha buyruqlarni bekor qilishga chaqiramiz», — dedi JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyyesus 17 oktyabr, seshanba kuni. Hodisa haqidagi dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuzlab qurbonlar va yaradorlar bor, deya qo‘shimcha qildi u.

Bir necha soat avval Falastin milliy ma’muriyati Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili tibbiyot muassasasiga zarba berilgani haqida ma’lum qilgan edi. G‘azo sektorini nazorat qiluvchi HAMAS harakati Isroilni aybladi.

Falastin tomoni kamida 500 kishi halok bo‘lganini xabar qilmoqda. Falastin milliy ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos uch kunlik motam e’lon qildi. 

Ayni paytda, Iordaniya Tashqi ishlar vazirligi ham zarbani qoraladi. Iordaniya Hoshimiylar Qirolligi Isroil aybdor ekanini e’lon qilib, falastinliklarni himoya qilishga, shuningdek, Yaqin Sharqdagi mojaroga zudlik bilan barham berish uchun birga ishlashga chaqirdi. 

Vaziyatning keskinlashishi

HAMAS jangchilari 7 oktyabr kuni G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumlarini uyushtirdi, so‘ngra isroilliklar yashovchi hududlarga kirib keldi, natijada janglar boshlangan. Bunga javoban Isroil rasmiylari terrorizmga qarshi operatsiya haqida e’lon qildi va mamlakat urush holatiga kirganini rasman bildirdi. Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektorida quruqlikdagi yirik operatsiya to‘g‘risida e’lon qildi, biroq bu hudud aholisi janubga evakuatsiya qilinishi kerakligini bildirib, uni kechiktirdi. 

Bir yarim hafta davom etgan janglarda Isroil tomoni 1300 dan ortiq kishi halok bo‘lgani va bir necha ming odam yaralanganini, Falastin tomoni esa taxminan 3000 kishi halok bo‘lgani va 12,5 ming kishi yaralangani haqida xabar berdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid