Jahon | 02:15 / 19.10.2023
10951
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh HAMAS bilan aloqador shaxslar va kompaniyalarga sanksiya joriy qildi

Bundan ko‘zlangan maqsad – HAMAS harakatini daromaddan mahrum qilish ekani aytildi.

Foto: Global Look Press

AQSh HAMAS harakati bilan aloqador deb hisoblangan to‘qqiz kishi va bir kompaniyaga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi bayonot berdi. Bundan ko‘zlangan maqsad – HAMAS harakatini daromaddan mahrum qilish ekani aytilmoqda.

Ro‘yxatga Iordaniya, Falastin, Turkiya, Jazoir, Misr va Sudan fuqarolari kiritilgan. Shuningdek, pul o‘tkazmalari va virtual valutalarni, shu jumladan bitkoinlarni ayirboshlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatuvchi Buy Cash Money and Money Transfer kompaniyasi ham sanksiyalarga tortildi. AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya HAMAS uchun mablag‘ yig‘ish bilan shug‘ullanadi.

AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan olti kishi Sudan, Jazoir, Turkiya, BAA va boshqa mamlakatlardagi kompaniyalar bilan birga HAMAS harakatining yuzlab million dollarlik maxfiy investitsiya portfelini boshqaradi. Bu kompaniyalar yashirincha faoliyat olib boradi, ularning vakillari esa aktivlar HAMAS tomonidan nazorat qilinishini yashiradi, deb ta’kidlamoqda departament. Shuningdek, HAMAS harakatining ikki nafar a’zosi ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi. Ulardan biri Ayman Navfal 17 oktyabr kuni havo hujumi oqibatida halok bo‘lgan.

Qo‘shma Shtatlar Qatar va HAMAS moliyaviy tarmog‘iga aloqador barcha davlatlar bilan aloqada qolmoqda. Amerika rasmiylari Fors ko‘rfazi mamlakatlariga tashrifi davomida mahalliy hukumatga bu moliyaviy tarmoqlarni yo‘q qilishga harakat etish muhimligi haqida ishora bermoqda. Chunki ular bu mamlakatlarga ham tahdid solayotgani ta’kidlanmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid