Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘ylash uchun tanaffus: Isroil nega haligacha G‘azoga kirmadi?
Isroil bir necha kundan buyon HAMASni harbiy kuch sifatida butunlay yo‘q qilish uchun yirik miqdordagi kuchlari G‘azo sektoriga kirish uchun tayyor turganini aytib kelmoqda.
Isroil mudofaa armiyasi (TsAHAL) saflariga zaxiradagi 300 mingdan ortiq harbiy chaqirilgan. Dalalarda, fermalarda va G‘azo sektori bilan chegara hududidagi kibutslarda «Merkava» tanklari, o‘ziyurar artilleriya qurilmalari hamda minglab yaxshi qurollangan piyodalar to‘liq jangovar jihozlari bilan shay holatda to‘plangan.
Isroil harbiy-havo kuchlari va harbiy-dengiz kuchlari bor imkoniyatlarni ishga solgan holda HAMAS va «Falastin islom jihodi» guruhlarining G‘azo sektoridagi boshpanalari hamda o‘q-dori omborlariga zarbalar yo‘llamoqda. Bu zarbalar oqibatida ko‘p miqdorda tinch aholi vakillari bilan birgalikda HAMASning ko‘plab qo‘mondonlari ham halok bo‘lmoqda yoki yaralanmoqda. Xususan, so‘nggi kunlardagi zarbalar oqibatida G‘azo sektoridagi milliy xavfsizlik xizmati kuchlari qo‘mondoni, general-mayor Jihod Muhaysin, HAMASning harbiy qanoti boshlig‘i Muhammad Deyfning yaqin odami, G‘azo sektori markaziy qismidagi harbiy amaliyotlar uchun mas’ul bo‘lgan qo‘mondon Ayman Nofal hamda HAMAS siyosiy byurosi a’zosi, harakat rahbariyatidagi yagona ayol Jamila al-Shanti o‘ldirilgan.
Seshanba oqshomida G‘azodagi Al-Ahli shifoxonasida ro‘y bergan portlash oqibatida ham ko‘plab odamlar halok bo‘lishi mintaqadagi vaziyatni yanada keskinlashtirdi, bunda tomonlar bir-birini ayblamoqda.
Isroil nima uchun hamon quruqlik orqali bosqinni boshlamadi? BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha korrespondenti Frenk Gardner shu haqda fikr yuritdi.
Bayden omili
AQSh prezidenti Jo Baydenning shu hafta shoshilinch tarzda tayyorlangan Isroilga tashrifi Oq uy vaziyat yomonlashayotganidan naqadar xavotirda ekanini ko‘rsatib berdi. Vashington ikki jiddiy muammo haqida qayg‘urmoqda: gumanitar inqiroz kuchayishi hamda mojaro Yaqin Sharqning boshqa mamlakatlariga tarqalishi xavfi.
AQSh prezidenti Isroil G‘azoni qaytadan okkupatsiya qilishiga (isroillik harbiylar bu yerdan 2005 yilda olib chiqilgandi) qarshi ekanini allaqachon ochiq aytgan. Bayden bu «katta xato» bo‘lishini ta’kidlagan.
Rasmiy ravishda Bayden AQShning Yaqin Sharqdagi eng yaqin ittifoqchisiga strategik yordam ko‘rsatish hamda Isroilning G‘azo bo‘yicha rejalari bilan tanishish uchun Isroilga kelgani ma’lum qilingan.
Uning tashrifining norasmiy sababi esa, katta ehtimol bilan, Binyamin Netanyahuning radikal hukumatini biroz tiyish bilan bog‘liq. Nima bo‘lganda ham, AQSh Isroil armiyasi G‘azoni qanday va qachon tark etishni ko‘zlaganini bilishni istaydi, agar, albatta, u sektorga baribir kirsa.
Qolaversa, Tel-Aviv aerodromida Amerika prezidenti borti turgan mahalda, G‘azoga keng ko‘lamli bosqin boshlanishi Isroil uchun ham, AQSh uchun ham nomaqbul ko‘rinardi.
Eron omili
So‘nggi kunlarda Eron Isroilning G‘azoga bostirib kirishi javobsiz qolmasligi haqida bir necha bor tahdidli ogohlantirishlar qildi. Ammo bu amalda nimani anglatadi?
Eron Yaqin Sharqdagi ayrim shia guruhlarni moliyalashtiradi, tayyorlaydi, qurollantiradi va ma’lum darajada boshqaradi ham. Bunday guruhlardan eng kuchlisi, shubhasiz, Livan janubida, Isroilning shimoliy chegaralari yaqinida mustahkam o‘rnashgan «Hizbulloh» guruhi hisoblanadi.
2006 yilda «Hizbulloh» jangarilari va Isroil o‘rtasidagi og‘ir va umuman natijasiz urush vaqtida isroilliklarning tanklari maskirovka qilingan minalardan shikastlangani va yaxshi rejalashtirilgan tuzoqlarga tushib qolgani ma’lum bo‘lgandi.
O‘tgan vaqt ichida «Hizbulloh» Eron yordamida qaytadan qurollandi va ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, arsenalida 150 mingga yaqin raketaga ega, ularning ko‘p qismi uzoq radiusda harakatlanib, nishonga aniq yetib boradi.
Isroil G‘azoga bostirib kirgudek bo‘lsa, «Hizbulloh» shimoliy chegarada yangi front ochishi va isroilliklarni bir vaqtning o‘zida ikki frontda jang qilishga majburlashi ehtimoli reallashdi.
Ammo «Hizbulloh» Amerika Isroilga yordamga yetib kelgan va O‘rta Yer dengizi sharqiy qismiga aviatashuvchi zarbdor guruhini joylashtirgan sharoitda urush boshlashi oxirigacha aniq emas.
Endilikda Isroilda agar «Hizbulloh» hujum qilishga qaror qilsa, AQSh harbiy-dengiz aviatsiyasidan halokatli zarba qabul qilib olishiga ishonch paydo bo‘lgan. Ammo yodda tutish kerakki, 2006 yilgi urush boshida jangarilar kemalarga qarshi zamonaviy raketasi bilan isroilliklarning sohil yaqinida turgan harbiy kemasiga zarba berishga muvaffaq bo‘lgandi.
Gumanitar omil
G‘azoda HAMASni yo‘q qilish haqida gap ketganda, Isroil hukumatining gumanitar inqiroz haqidagi konsepsiyasi uning global qarashlariga u qadar mos kelmaydi.
HAMASning 7 oktyabr kungi qonli hujumidan keyin Isroilga bildirilgan hamdardliklar o‘rnini Isroil armiyasining tinimsiz havo hujumlari oqibatida halok bo‘layotgan falastinlik tinch aholi vakillari soni ortib borayotgani tufayli aviazarbalarni to‘xtatish va G‘azoning oddiy aholisini himoya qilish talablari egallamoqda.
Isroil kuchlari G‘azoga kirsa, qurbonlar soni faqat ortadi.
Isroillik askarlar ham halok bo‘ladi — pistirmalarda, merganlar o‘qidan va minalardan o‘rnatilgan tuzoqlarda, qolaversa, janglarning aksar qismini yer ostida, ko‘p kilometrlik tunnellarda o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.
Ammo, katta ehtimol bilan, yo‘qotishlarning katta qismi baribir tinch aholi orasida bo‘ladi.
Razvedkaning muvaffaqiyatsizligi
Bu oy Isroil razvedkasi uchun o‘ta omadsiz keldi.
Isroil xavfsizlik xizmati Shin-Bet HAMAS tayyorlagan ajalvor hujumning oldini ololmagani tufayli qattiq tanqidlarga uchradi.
Nazariy jihatdan, Shin-Bet G‘azoda axborot beruvchilar va razvedka xodimlarining keng tarmog‘iga ega bo‘lishi kerak, ularning vazifasi — HAMAS va «Falastin islom jihodi» qo‘mondonligini kuzatish. Shunga qaramay, Isroil janubida o‘sha dahshatli shanba voqealari ro‘y berdi, bu Isroil razvedkasi tarixida 1973 yilgi Mahshar urushidan keyingi eng jiddiy muvaffaqiyatsizlikka aylandi.
So‘nggi 10 kun davomida razvedka TsAHALga garovdagilarning shaxsi va joylashuvini, shuningdek, HAMAS qo‘mondonlari yashiringan joylarni aniqlab, aybini yuvishga harakat qilmoqda.
Katta ehtimol bilan, razvedka qo‘shimcha ma’lumotlar yig‘ishi uchun ko‘proq vaqt talab etilayotgan bo‘lishi mumkin, shunda agar qo‘shinlar G‘azoga kirsa, ular Shimoliy G‘azo vayronalari bo‘ylab doimiy xavf ostida va butun dunyodan kelayotgan tanqidlarga chidagan holda aylanib yurmasdan, aniq nishonlar sari yo‘naltirilishi mumkin bo‘ladi.
Isroilning uzoq vaqt davom etayotgan aviazarbalaridan ham omon qoladigan HAMAS va «Falastin islom jihodi» a’zolari yurish qilib keluvchi Isroil armiyasi uchun pistirma va qopqonlar tayyorlashi tayin. Ular ayniqsa yerosti tunnellarida xavfli bo‘ladi, shuning uchun Isroil razvedkasi ularning joylashuvini aniqlashni va bu haqda TsAHALni ogohlantirishni istaydi.