Inson huquqlari faoli Abdurahmon Taşanov boşqaruvda şaffof mexanizmlar işga tuşirilmasa, IIV tizimidagi rotatsiyalar korrupsiyaviy holatlarni kamaytirmasligini aytmoqda. Siyosiy tahlilçi Hamid Sodiq esa bu jarayonda siyosiy elitani ham qonun doirasiga kirgazişni, parlamentni esa "jonlantiriş"ni bildirdi. Xöş, bu çoralarni amalga oşiriş qançalik real? Kun.uz ötkazgan suhbatda şu masalalar muhokama qilindi.
27 yanvar kuni prezident Şavkat Mirziyoyev boşçiligida poytaxtda xavfsiz muhitni şakllantiriş va jamoat xavfsizligini ta’minlaş masalalariga bağişlangan videoselektor yiğilişi ötkazildi. Unda IIV tizimi ham qattiq tanqid qilinib, köplab yuqori lavozimdagi amaldorlar talon-tarojliklar bilan ayblanyotgani ma’lum qilindi. Bir qança rasmiylar işdan ketdi, ayrimlari qamoqqa olindi.
Kun.uz'ning şu mavzu tahliliga atalgan suhbatida inson huquqlari faoli Abdurahmon Taşanov hamda siyosiy tahlilçi Hamid Sodiq bu harakatlar nimani anglatişi va hukumat oldida qanday vazifalar turgani haqida fikrlarini bildirişdi. Quyida intervyudan qisqa şarh keltiriladi.
“50 dan ortiq odamlar qamoqqa olingan” – inson huquqlari faoli
Taşanov bu kartinada asosiy e’tibor qaratiladigan nuqta korrupsiya bilan boğliq ekanini aytmoqda. Uning ma’lumot berişiça, buning ortidan 50 nafardan ziyod odam qamoqqa olingan.
“Boş prokuraturaning korrupsiyaga qarşi kuraş boş boşqarmasi tomonidan bir neçta jinoyat işlari olib borilyapti. Bularning, demak, birinçisi — Içki işlar vazirining örinbosari Bekmurod Abdullayev va departament boşliği Tursunovlarga oid jinoyat işi. Mening bilişimça, hozir 50 dan ortiq odamlar qamoqqa olingan. Demak, Içki işlar vazirligi, jinoiy jazolarni ijro etiş, yöl-patrul, hatto Moliya vazirligidan va kambağallikni qisqartiriş vazirliklari tizimidan bir neça mulozimlar hibsga olingan.
Umumiy keltirilgan dastlabki zararlar miqdori hozir 185 milliard söm haqida, ya’ni 15 million dollardan ortiq ekanligi aytilyapti. Endi bu öşa poytaxtda “aqlli svetoforlar” joriy etiş bilan boğliq katta talan-tarojlik[lar bilan boğliq]. Endi men hozir tergov sirlari böyiça, albatta, majburiyat bor, biz uni oçiqlaşga haqqimiz yöq. Lekin aytiş mumkinki, xorijdan bu narsalar import qilinişi kerak bölgan, ammo öşa mahalliy işlab çiqaruvçilarimiz qanaqadir qinğir yöllar bilan köplab jinoyatlarni sodir etgan”, – deydi u.











