O‘zbekiston | 19:43 / 20.10.2023
6031
2 daqiqa o‘qiladi

Birja savdolarida benzin sotish bo‘yicha cheklov o‘rnatilmagan – Raqobat qo‘mitasi

Raqobat qo‘mitasi benzin taqchilligiga olib keladigan omillar borligini rad etdi. 17 oktyabrdan taklifning oshirilishi hisobiga avgust oyida benzin xaridi uchun o‘rnatilgan 5 tonnalik limit 10 tonnaga oshirilgan.  

Foto: iStock

Raqobat qo‘mitasi tomonidan tovar-xomashyo birjasida AI-80 benzinining kunlik savdosiga har bir ishtirokchi uchun maksimal 10 tonna limit belgilangani xabar qilingandi.

Qo‘mita axborot xizmati mazkur holat yuzasidan izoh berdi. Qayd etilishicha, birja orqali yoqilg‘i sotishga hech qanday cheklovlar kiritilmagan.

“Birja savdolarida, benzinning 80 foizi 1 tn lotlarda qolgan qismida vagon normasida (60 va 55 tn) sotilmoqda va bugungi kunda birja savdolarida AI-80 benzinini sotib olish bo‘yicha cheklov o‘rnatilmagan.

Benzinga talabning mavsumiyligini hamda narxlarning yuqori darajada tez o‘zgaruvchanligini hisobga olgan holda qo‘mitaga amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq narxlarni barqarorlashtirish maqsadida, bir savdoda mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdorini belgilash vakolati berilgan va ushbu chora mahsulotga talabning oshishi davrida bir necha yildan buyon bozor muvozanatini barqarorlashtirish uchun davlat tomonidan qo‘llab kelinadigan nomonetar vosita hisoblanadi”, deyiladi qo‘mita xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, avgust oyida benzin narxlarining oshishi natijasida mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 5 tn etib belgilangan. Mazkur choralar hamda taklifning oshirilishi sentabr oyi oxirida hamda oktyabrning birinchi yarmida birja savdolarida benzin narxlarining 10 foizgacha pasayishiga va birmuncha barqarorlashishiga olib kelgan.

“Shularni inobatga olgan holda, shuningdek, jahon bozorlaridagi yuzaga kelgan salbiy tendensiyalardan (neft narxlarining oshishi, benzin eksportiga o‘rnatilgan cheklovlar) kelib chiqib, import narxlarining ichki bozorga ta’sirini yumshatish maqsadida 17 oktyabrdan mahsulot xarid qilinishining maksimal miqdori 10 tonnagacha oshirildi”, deya ta’kidlangan bayonotda.

Mavzuga oid