O‘zbekiston | 21:00 / 21.10.2023
17067
9 daqiqa o‘qiladi

Oilaga tayyormaslik, qizg‘anchiq qaynonalar va 3-shaxslar aralashuvi - ajrimlar haqida boricha

O‘zbekistonda oilaviy ajralishlar masalasida rekord ko‘rsatkich qayd etilmoqda. 2023 yilning 8 oyida qariyb 34 mingta oila ajrashib ketdi, bu oilalardagi 25 ming bola endi kundalik hayotini otasi yoki onasisiz davom ettiradi.

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga ko‘ra, bu ajrimlarning asosiy qismi er-xotinning oilaga tayyor emasligi, 3-shaxs aralashuvi, uzoq vaqt birga yashamaslik, moliyaviy qiyinchiliklar, xiyonat, spirtli ichimliklar va giyohvandlik, farzandsizlik sabab yuz bergan.

Kun.uz'ning navbatdagi “Boricha” podkastida ajrimlarga eng ko‘p sabab bo‘layotgan omillar haqida so‘z bordi.

Ko‘r-ko‘rona uylanish mezonlari

Shoira Isoqova, psixolog:

— Bizning yosh avlod oila qurishga tayyor emas. Ota-bobolarimiz 16-17 yoshda ham uylangan, deb qolishadi, lekin ular o‘sha davrda oilani boqishga qurbi yetgan, fiziologik va aqlan yetuk bo‘lishgan. Hozir 25 yoshda uylansa ham, ajrashib ketish holatlari bo‘lyapti. Ayniqsa, pandemiya paytida to‘planib qolgan muammolar yuzaga chiqib ketdi, bundan tashqari, oilaga aralashuvlar ko‘paydi. Hozirgi holat karantin asoratlari deyish mumkin, buni biz tahlil qilganmiz. Hali keyingi yillarda ham bu ta’sir bo‘lishi mumkin.

Qaynonalarning ham oila borasida ilmi, tajribasi yo‘q, tashqaridan kelgan bir qizga qanday munosabatda bo‘lishni bilmaydi. Bir mahallada sinov tarzda qaynonalar maktabi tashkillashtirib, tushuntirishlar berganmiz, o‘sha yerda ajrimlar sezilarli darajada kamaygan. Ikki yoshning orasiga aralashavermaslik, ularni shaxs sifatida qabul qilib, mustahkam munosabat o‘rnatishiga qo‘yib berish kerakligini tushuntirganmiz. Shu 4-5 soatlik tadqiqot ishlari shunday natija bergan. Bundan tashqari, oilada qaynotalarning roli yo‘q, indama, tinch qo‘y, deya olmaydi. Bu oilalarda erkaklar roli pasayib ketayotganidan dalolat.

Oila ilmi yo‘q. Yigitlarning nazarida uylanishi kerak, bo‘ldi. Dunyoqarashi, farzandlar tarbiyasi, to‘g‘ri kelishi haqida o‘ylab ko‘rmaydi, shu yaxshi oila farzandi ekan, chiroyli, o‘rangan ekan, degan mezonlar bilan kelin tanlashadi. Ko‘pchilik shu onam topgan kelin, deydi. Uylangandan keyin adashganini biladi. Ko‘pchilik ajrim holatidagi yosh oilalardan - kuyovlardan qanday oila qurgani haqida so‘raganimda, onasi topganligini aytadi. Har bir odamning tafakkuri, didi, yoqadigan odami bo‘lishi kerak, orzular bor. U farzandlarining onasi bo‘la oladigan qizni o‘zi tanlashi, topishi kerak. Bundan ko‘rish mumkinki, o‘g‘il bolalarni haqiqiy erkak qilib tarbiya qila olmayapti onalarimiz. Mana shu yerda ham erkakning roli tushishi bor.

O‘z tajribamdan kelib chiqib aytamanki, shu kunga qadar bor-yo‘g‘i ikki nafar yigit qabulimga keldi, oila qurishdan avval qanday qizni tanlasam baxtli bo‘laman, degan savol bilan. Qolgan holatlarda – oila qurishdan oldinam, ajrimdayam faqat va faqat qizlarni onasi olib keladi. Keyingi vaqtlarda erkaklar turmush o‘rtog‘ini olib kelish holatlari biroz shakllandi – o‘z mas’uliyatini bilgan, farzandlari taqdiriga befarq bo‘lmagan otalar tomonidan.

Bizda yigitlar oila qurishdan avval mutaxassislarga bormaydi. U oila qurishga ma’nan, jismonan, ruhan, iqtisodiy jihatdan tayyor bo‘lmay turib otasining puliga, onasining tanlaganiga uylanadi. Uylanib bo‘lgandan keyin esa turmush o‘rtog‘i uning ta’biga tushmaydi.

Dilmurod Anvarov

Dilmurod Anvarov, psixiatr:

 — Uchinchi shaxs aralashuvi. Tashqaridan kimdir aralashsa, muammo yechib bo‘lmas darajaga keladi. Bizda tashqaridan berilayotgan har qanday maslahatlarga ko‘r-ko‘rona amal qilish bor: mentalitet yoki o‘zini fikriga ega bo‘lmaslikdan, oilaviy munosabatlarga tayyor bo‘lmaslikdan. Murojaatchilarning juda ko‘pi shu xolam, ammam yo falonchim aytdi degan gapni aytishadi, boshqalarni xolis odam, xolis aytdi deb o‘ylashadi. Oila ichida bo‘lmagan odam hech qachon bilmaydi asl vaziyatni. O‘sha uchinchi shaxslar ham bir oila ustidan tavakkal qilayotganini o‘zlari tushunmagan holda maslahat beraveradi. Xotining yoqmayaptimi – ajrash, yoqmayaptimi – javobini ber, bir ta’zirini yesin, degan fikrlari bilan oilani jar yoqasiga olib kelib qo‘yishadi.

Shoira Isoqova:

— Tarozini buzayotgan erkak aslida. Oiladagi hamma jarayonlarda mas’uliyatni bo‘yniga olishi kerak. Kelin tashqaridan keladi, oiladagi urf-odatlar, qadriyatlar, tartib-intizom haqida hech narsa bilmaydi. Yangi kelgan kelinni oilaga kuyov moslashtirishi kerak, bizda esa qaynonaga tashlab qo‘yishadi. Oila bu er va xotindan iborat. Kuyov kelinni oila a’zolari bilan yaqindan tanishtirishi, moslashtirishni zimmasiga olishi va o‘zi namuna bo‘lishi kerak. Aytganimdek, ayrim erkaklarimiz oila qurishga tayyor emas, mas’uliyatni bo‘yniga ololmaydi. Oilada onalarda shunaqa tushuncha shakllanganki, tarbiya chog‘ida ota-onalar qizining tarbiyasini yaxshi qilishadi, sep-sidirg‘asini zo‘r qilishadi, lekin o‘g‘lim yonimda bo‘ladi, boshqaraveraman, u mening aytganimni qilishi kerak deb unga e’tibor berishmaydi. Biz farzand tarbiya qilyapmizmi, avvalo uning individual ekanini, shaxs ekanini inobatga olishimiz shart. Jamiyatga uni haqiqiy shaxs qilib yetkazish masalasi bo‘lishi kerak. Uch bolasi bilan ajrim uchun sudga borib: «onam nima desa — shu» deb turaveradi o‘zining fikri yo‘qligidan. Nima uchun uch bolaga otalik mas’uliyati yo‘q, nega uch bolaning butun mas’uliyati ayolning zimmasida qolishi kerak?

Dilmurod Anvarov:

— Ilgari erkaklar aybdor, oilani idora qilolmaydi deb o‘ylardim. Lekin ko‘p holatda qaynona va kelin til topisholmaganidan ajrimlar bo‘lyapti, chunki erkak kishi ko‘chada yuradi va asosan muloqot qaynona-kelin o‘rtasida bo‘ladi. Bu vaziyatda ular bir-birining kamchiliklarini ko‘radi. Bundan tashqari, hozirgi ko‘p yosh kelinlar qaynona-qaynota bilan yashashni xush ko‘rishmaydi, shuning uchun turmush o‘rtog‘iga norozilik bildiradi, qaynona-qaynotaga gap qaytarish, isyon kayfiyati boshlanadi. Bunday vaziyatda er-xotin kelisholmay qolib, ajrim yo‘lini tutishadi.

Ajrimlarda seriallarning kuchli propagandasi bor

Shoira Isoqova

Shoira Isoqova:

— Konfliktologiya (oilaviy nizolar haqida) fanida har qanday oilaviy nizoning yechimi borligi ko‘rsatilgan. Har bir konfliktning oldini olish kerak, keyin, bizda muammoning portlash qismida paydo bo‘lib qolishadi uchinchi shaxs oila a’zolar. Portlagan narsa so‘nadi ham, o‘sha vaziyatni kutmay, birdan uyiga ketkazib, ajrimga harakat boshlanadi. Sabr yetishmaydi.

Yana bir narsa bor. Bizda qizlarning ongida qaynonalar yomon, hali oila qurmagan o‘zi. Lekin shunday tushuncha paydo qilib qo‘yiladi. Yaxshi, ideal qaynonalar bor. Kelinining holatini yaxshilash uchun mening qabulimga olib kelgan qaynonalar bor. Bolamning jufti, nevaralarimning onasi deb e’zozlovchilar bor. Serial-kinolarda qaynonalarni yomon ko‘rsatish juda kuchayib ketgan.

Dilmurod Anvarov:

— Rostdan ham televideniyeda doim qaynona yomon obrazda ko‘rsatiladi. Katta propoganda vositasi bu. Qaynona — oilada diktator, qaynota — ikkinchi darajali, qaynonaning aytganini qiladigan odam. Shu narsalarni ko‘ravergach, ongiga singadi va shunga moslashib boradi.

Shoira Isoqova:

— Ko‘p kelinlardan so‘raganimda u oilada qaynotamning gapi o‘tmaydi, degan javobni eshitaman. Erning o‘rnini qaynona sindirgan, endi o‘sha qaynona o‘g‘lining oldida kelinni egib olmoqchi, bo‘lmaydi bu narsa. Kelin qaynona-qaynotasida shu munosabatni ko‘ryaptimi, o‘zigayam shuni oladi, uyam shu ishni qiladi ertaga.

Nozima Rasulova, o‘qituvchi:

— Yana bir katta muammo – erkakning moddiy ta’minot qilolmasligi. Erkak oilani boqishga tayyor bo‘lishi kerak, farzandli bo‘lishini, uning xarajatini o‘ylashi kerak. Erkak moddiy ta’minotni bo‘yniga olgan, shuni vaqtida qilsa, buyam ajrimlarni kamaytiradi. O‘zim guvoh bo‘lganim: bolaning kashasiga pul topolmagan erkak, so‘ng qizning uyidagilar olib kelib bergan, shundan keyin janjal chiqib, ajrashishgan. Holatda kelin aybdor qilingan. Pul topolmabdi, lekin shunday holatni ham tushunishi kerak, bunday yetishmovchilik paytida ota-ona yordam ham beradi.

  • To‘liq suhbatni video tarzida tomosha qiling.

Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.

Tasvirchi: Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid