Jahon | 20:39 / 24.10.2023
39528
16 daqiqa o‘qiladi

Isroil «hal qiluvchi g‘alaba» uchun G‘azoga qo‘shin yubormoqchi. Bu rejaga nimalar to‘sqinlik qilishi mumkin?

Isroilning yangi doktrinasi HAMAS armiyaning barcha vositalarini ishga solgan holda yo‘q qilinishini ko‘zda tutadi.

Foto: Violeta Santos Moura / Reuters / Scanpix / LETA

Yaqin vaqtlar ichida Isroil mudofaa armiyasi (TsAXAL) G‘azo sektorida quruqlik amaliyoti boshlashi kutilmoqda. Katta ehtimol bilan bu mamlakatning harbiy tarixida yangi sahifa bo‘ladi. Oldingi o‘n yilliklar davomida Isroil ko‘p sonli dushmanlarini tiyib turish konsepsiyasiga amal qilgan: keskinlashuv yuzaga kelganda TsAHAL hujumlardan zararni minimallashtirgan (birinchi navbatda raketa zarbalaridan) va qurolsizlantiruvchi zarbalar yo‘llab, raqiblarni status-kvoga qaytishga majburlagan. So‘nggi yillarda bunday strategiya Isroil rahbariyati tomonidan noto‘g‘ri deb topildi va harbiylar «hal qiluvchi g‘alaba» konsepsiyasini ishlab chiqishga kirishdi. Hozirgi urushdagi voqealar Binyamin Netanyahu hukumatida boshqa tanlov qoldirmadi: endi tiyib turish haqida gap ketmayapti, «hal qiluvchi g‘alaba» shunchaki zaruratga aylangan. Muammo shundaki, Isroil, katta ehtimol bilan bu strategiyani hozirning o‘zida amalga oshirishga tayyor emas. Bundan tashqari, Isroil qanday natijani g‘alaba deb hisoblashi ham hamon noaniq. Meduza G‘azodagi quruqlik amaliyoti istiqbollarini tahlil qildi.

Isroil o‘z amaliyoti yakunida HAMASni butkul tugatib, «G‘azo sektoridagi hayot uchun javobgarlikni o‘z zimmasidan soqit qilishni maqsad qilgan». Oldingi urushlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bunday maqsadlarga erishish nihoyatda qiyin

Isroil mudofaa vaziri Yoav Galant TsAHALning G‘azo sektoridagi amaliyoti uch bosqichdan iborat bo‘lishini ma’lum qilgan:

  • HAMAS infratuzilmalarini yo‘q qilish. Katta ehtimol bilan, buning uchun quruqlik qo‘shinlari sektorga kiradi va uning hududining katta qismini egallab turadi.
  • «Kamroq intensivlik» bosqichi — qarshilik o‘choqlari yo‘q qilinishi. Isroil mudofaa armiyasi darhol egallamagan hududlarga harbiy-politsiya reydlaridan iborat bo‘ladi.
  • Yakuniy bosqich — «Isroildan G‘azo sektoridagi hayot uchun javobgarlikni olib tashlash» va bu yerda yangi xavfsizlik rejimini yaratish. Katta ehtimol bilan, cektor to‘liq blokada qilinadi va uning chegaralarida yangi to‘siqlar barpo etiladi.

Ammo Isroilni birinchi bosqichda ham, keyingi bosqichlarda ham qiyinchiliklar kutmoqda.

Birinchi bosqich — HAMASga maksimal darajada zarar yetkazishga urinish — urush boshlanishidagi voqealar bilan bog‘liq. Isroil mudofaa armiyasi raqib uchun maksimal darajadagi sharoitlarda jang qilishiga to‘g‘ri keladi: G‘azo sektoridagi guruhlar ancha vaqtdan buyon Isroil armiyasini ko‘cha janglariga jalb etishga urinib keladi. Bunday janglarda TsAHALga katta yo‘qotishlar xavf soladi. Bundan tashqari, isroillik harbiylar doimo o‘t ochishdan foydalanishda vaqt va imkoniyat taqchilligi bosimi ostida bo‘ladi: G‘azoning tinch aholisi orasida qurbonlar ortgani sari Isroil rahbariyatiga ham bosim kuchayib borishi tayin. Bundan tashqari, amaliyot davom etarkan, urushda ikkinchi front (G‘azoda va Livan janubida) yoki hatto uchinchi front (Iordan daryosining G‘arbiy sohilida) paydo bo‘lishi ehtimoli ham ortadi.

Amaliyotning keyingi bosqichlari (ular faqat birinchi bosqichda tezkor muvaffaqiyatga erishilsagina amalga oshiriladi) — urushdan Isroil xavfsizligini tubdan yaxshilaydigan tarzda chiqishga urinish bo‘ladi. Bu ish 15 yildan buyon uddalanmagan: G‘azodagi (va Livan janubidagi) har bir keyingi amaliyot TsAHALning raqiblari — HAMAS va «Hizbulloh»ni faqat siyosiy jihatdan kuchaytirgan — chunki ularning mavjudligining mohiyati Isroilga faol qarshilik ko‘rsatishdadir. Ularning taktik mag‘lubiyatlari ham (HAMASda bunday holatlar 2008 va 2014 yillarda bo‘lgan) «g‘olib» Isroilga uzoq muddatlik tin olish imkonini bermagan.

Reuters agentligining Isroil harbiy rahbariyatidagi manbasi hozircha urushni qulay yakunlash bo‘yicha reja yo‘qligini aytgan. «Isroildan G‘azo sektoridagi hayot uchun javobgarlikni olib tashlash» nimani anglatishi hozircha oxirigacha aniq emas. Isroil resurslar — elektr, oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni G‘azoga yetkazib berish va o‘tkazishni butunlay to‘xtatishi mumkin, ammo bu mamlakat xavfsizligini yaxshilamasligi aniq. Oktyabr oyi boshidagi vaziyat shuni ko‘rsatdiki, jismoniy to‘siqlar (G‘azo va Livan bilan chegarada to‘siqlar qurish, Misrga olib o‘tuvchi tunnellarni yo‘q qilish, dengiz orqali blokada; HAMAS va «Hizbulloh» uchiradigan raketalarning katta qismini urib tushira oladigan havo hujumidan mudofaa tizimi) ham muammoni uzoq vaqtga hal qila olmaydi. Falastin va Livandagi guruhlar sulh tufayli paydo bo‘lgan vaqtni bu to‘siqlarni yengib o‘tish yo‘lini topishga sarflashadi va keyin yana hujum qiladi.

Shu tariqa, Isroilning asosiy muammosi G‘azo sektori kelajagi bo‘lib qolmoqda. Siyosiy sabablarga ko‘ra, sektorni uzoq muddat davomida okkupatsiya qilib turish imkonsiz. «G‘azodagi hayot uchun javobgarlik»ni zimmasiga olishni istovchilar — ya’ni HAMAS o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan, Isroilga nisbatan radikal bo‘lmagan boshqa kuch ham ko‘zga tashlanmayapti.

Va bu muammo — yangilik emas:

  • TsAHAL anchadan buyon sektorda quruqlikdagi urushdan qochib keladi. Raqib aholi tig‘iz yashaydigan hududda, istalgan yirik amaliyot tinch aholi o‘rtasida katta qurbonlarga olib kelishi muqarrar. Amaliyot davom etarkan, Isroilga xalqaro bosim (nafaqat musulmon mamlakatlar tomondan, balki g‘arblik ittifoqchilar tomondan ham) har safar urushni to‘xtatishga majbur qiladi. 2008 va 2014 yillarda shunday bo‘lgandi.
  • Isroil rahbariyati barcha urushlarda xuddi shunday vaziyatga duch kelgan. Faqat armiya raqibni juda tez mag‘lubiyatga uchratgan urushlar hal qiluvchi g‘alaba bilan yakunlangan (ammo 1956 yilgi urushda bu ham yetarli bo‘lmagandi: AQSh va SSSR TsAHALni tezda egallab olingan Sinay yarimorolini tashlab chiqishga majbur qilgandi). Ammo Isroilning harbiy muvaffaqiyatlari to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlarda yutqazgan qo‘shni mamlakatlarni proksi-urush taktikasiga o‘tishga undadi. Ular endi TsAHAL bilan o‘zlari urushmayapti — ammo buni o‘z janglarida terrorchilik usullaridan foydalanadigan guruhlar qo‘li bilan amalga oshirmoqda.
  • Isroil ko‘p yillardan buyon bu guruhlarga qarshi urush olib boradi, bu urushlar sulh va «tinchlik jarayonlari» bilan to‘xtatib turiladi. HAMAS harakati va boshqa guruhlar TsAHAL muqaddam arab mamlakatlarining muntazam armiyalariga qarshi qo‘llagan metodlariga chidamli bo‘lib chiqdi. Natijada Isroilga o‘zining asosiy ustunliklari foyda bermay qo‘ydi: o‘t ochish kuchi, yuqori aniqlikdagi qurollar, manyovr, razvedka va boshqaruv vositalari. Endi bularning hech qaysisi yangi sharoitlarda hal qiluvchi g‘alabani kafolatlamaydi. Avvallari TsAHALning aviatsiya qo‘llovida harakatlangan zirhli tanklarining muntazam armiyalarning tor-mor etilishiga olib kelardi. Terror qo‘llaydigan va keng maydonlarga raketa zarbalari yo‘llaydigan, qolgan vaqtda bunkerlar hamda tunnellarda yashirinadigan guruhlarga qarshi urushda esa bunday an’anaviy usullar uncha samarador emas.
  • 2012 yildan buyon Isroil asta-sekin raqiblarni tiyib turish strategiyasiga o‘tdi. «Temir gumbaz» raketalarga qarshi mudofaa tizimi joylashtirildi, ularning vazifasi raqibning raketa zarbalari samaradorligini qariyb nolgacha tushirishi kerak edi. Livan va G‘azo sektori bilan chegaralarda kuzatuv tizimlari (jumladan, avtomatik ishlovchi) va kichik harbiy bazalar tarmog‘i barpo etilgan. Bularning bari kichik guruhlarning hujumini to‘xtatishi ko‘zda tutilgan.
  • HAMAS bilan 2021 yilgi eskalatsiya chog‘ida ish TsAHAL quruqlik amaliyoti o‘tkazishigacha yetib bormagandi: «Temir gumbaz» G‘azodan uchirilgan raketalarning katta qismini tutib qolgan — falastinliklar yoppasiga raketa uchirish orqali Isroil havo hujumidan mudofaa tizimlari bostira olmagandi.
  • Ammo undan oldinroq Isroil harbiy rahbariyati passiv mudofaalanish va tiyib turish strategiyasi — ehtimoliy mag‘lubiyat sari yo‘l ekanini tan olgandi. Aviatsiya ham, «Temir gumbaz» ham o‘z-o‘zicha urushni yengib bera olmaydi. 2008 va 2014 yillarda G‘azoga taktik jihatdan muvaffaqiyatli, ammo strategik tomondan muvaffaqiyatsiz chiqqan quruqlik bosqinlari ko‘rsatgandiki, Isroil mudofaa armiyasi shunchaki hal qiluvchi g‘alabaga tezda erishish uchun zarur bo‘lgan tizimlarga ega emasligini ko‘rsatgandi.
  • Buni anglagan holda, Isroil 2021 yilgi urushdan oldin ham yangi konsepsiya va armiyadagi chuqur islohotlar asosida G‘azo, Livan va boshqa istalgan joylar uchun mo‘ljallangan quruqlik amaliyotlarini rejalashtirishga kirishadi.

Isroilning yangi harbiy konsepsiyasining qisqacha mazmuni: quruqlik qo‘shinlari, aviatsiya va flotni jalb etgan holda yashin tezligida urush olib borish. Reja yaxshi — ammo hozircha bu faqat nazariya

  • TsAHALning yangi operativ konsepsiyasiga ko‘ra (u «Hal qiluvchi g‘alaba» deb ataladi), ikki tashkilot — Livandagi «Hizbulloh» va G‘azo sektoridagi HAMAS — nafaqat isyonkor terrorchi guruhlar, balki to‘laqonli «raketa qo‘shinlarining terrorchi tarmog‘i» deb hisoblanadi. Ular bilan samarali kurashish uchun TsAHAL razvedka, boshqaruv va aniq ishlovchi qurollardagi o‘z ustunliklaridan foydalanishi talab etiladi.
  • Isroil mudofaa armiyasi, unga qurol-yarog‘ xarid qilish va mamlakatdagi harbiy-fuqarolik munosabatlari shunday isloh etilishi kerakki, harbiylarda quruqlik kuchlari, aviatsiya, flotning zarbdor vositalarini jalb etgan holda HAMAS yoki boshqa raqibning barcha maxfiy o‘t ochish pozitsiyalarini tezda yo‘q qilish imkoniyati bo‘lsin. 
  • TsAHALning (konsepsiyani amalga oshirish doirasida) yaratilgan yangi bo‘linmalari HAMAS bilan to‘qnashuvga kirishib, jangarilarni o‘z o‘t ochish vositalari va pozitsiyalari — raketa qurilmalari, tunnellar, mobil otryadlarni fosh etishga majbur qilishi kerak. Ularning bari jang maydoni ortidagi ilg‘or kuzatuv vositalari orqali zudlik bilan aniqlanishi lozim. Shundan keyin bu nishonlar quruqlik kuchlari, aviatsiya va flotning zarba berish vositalari bo‘ylab taqsimlanishi — va nishonga olinishi kerak.
  • Konsepsiyaga ko‘ra, yangi tipdagi quruqlik birlashmalarini yaratish ham rejalashtirilgandi — «son jihatdan batalyon (mingga yaqin kishi), ammo o‘t ochish kuchiga ko‘ra diviziya kabi (bu 10 ming kishidan ortiq kishini jamlaydigan taktik tuzilma)».

Bunday yangi armiya hozirgi urushda Isroilga asqatgan bo‘lardi. Ammo bu yerda ham ikkita muammo bor:

  • Konsepsiyani amalga oshirish hali dastlabki bosqichida turibdi. Uning mavjudligining o‘zi TsAHAL uni hozirning o‘zidayoq hayotga tatbiq etishi mumkinligini anglatmaydi.
  • Isroil razvedkasining urush boshidagi muvaffaqiyatsizligi (u HAMAS a’zolarining reyd o‘tkazish rejasini, ular to‘plangani va harakatlanayotganini ko‘ra olmadi) shuni ko‘rsatadiki, TsAHAL rahbariyati kuzatuv va razvedka borasidagi o‘z ustunliklari borasida adashgan, ya’ni o‘z imkoniyatlariga ortiqcha baho berib yuborgan.

Bundan tashqari, falastinliklarning Isroil janubiga hujumi avtomatik kuzatuv va aniqlash tizimlariga asoslangan razvedka tashabbusni qo‘lga olgan raqibga qarshi muvaffaqiyatsiz bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Operatsiyaga quyidagilar xalal berishi mumkin: HAMASning urushga yuqori tayyorgarligi (TsAHAL, bu guruh imkoniyatlari haqida hamma narsani ham bilmasligi mumkin), G‘arbning reaksiyasi — va hamon G‘azoda garovda ushlab turilgan isroilliklar

Shu tariqa, TsAHAL quruqlik amaliyotini juda qiyin sharoitlarda boshlashiga to‘g‘ri keladi: 

  • Razvedka HAMASning yashirin tayyorlangan pozitsiyalarini (jumladan, harakat a’zolari manyovrlar qilish, shtablarni, qurol va zaxira kuchlarni joylashtirish uchun foydalanadigan yerosti tunnellari tarmog‘i - «G‘azo metrosi»ni) fosh etishda yaxshi ishlay olishi kafolatlanmagan.
  • HAMASning qurollari va ularning hujum qilib keluvchi tomonga zarba berish qobiliyatiga, TsAHAL tomonidan yetarlicha baho berilmagan bo‘lishi mumkin. Guruh qancha raketa ishlab chiqargani va import qilgani ma’lum emas; ulardagi kamikadze dronlar soni, shuningdek o‘q-dori tashlash tizimlari bilan jihozlangan uchuvchisiz uchar apparatlar va TsAHAL texnikalariga qarshi samarali kurashishi mumkin bo‘lgan tankka qarshi raketa komplekslari soni aniqlanmagan. Faqat shunisi aniqki, harakat bu urushga bir necha yil mobaynida tayyorlangan.
  • Mamlakat janubidagi tinch aholiga uyushtirilgan shafqatsiz hujum, aholi o‘ldirilgani va garovga olinganiga, ochiq terrorchilik aktlari yuz berganiga qaramay, Isroil baribir xalqaro bosim sharoitida harakatlanishiga to‘g‘ri keladi. Bu bosim ko‘tarilib bormoqda va amaliyot davom etgani sari bu jarayon ham o‘sib boradi. Shuning uchun TsAHAL vaqt kamligini hisobga olishi hamda imkon qadar G‘azo aholisi yoppasiga o‘ldirilishidan qochishga harakat qilishi talab etiladi.
  • Yana bir alohida va jiddiy qiyinchilik shu bilan bog‘liqki, HAMAS odamlarni garovga olgan: 200 dan ortiq kishi hamon ularning qo‘lida qolmoqda.

Hozirgi amaliyotni 2008 va 2014 yillardagisidan ajratib turadigan jihat Isroilning razvedka, o‘t ochish kuchi va aniq harakatlanuvchi qurollar bo‘yicha ustunligi emas, balki unga jalb etilgan kuchlarning sezilarli darajada ortganidir. Isroil 300 ming kishi safarbar qilinganini ma’lum qildi. Ularning katta qismi mamlakat shimolida harakatga keltirilgan, bu tomondan HAMASdan ancha kuchliroq bo‘lgan raqib — to‘g‘ridan to‘g‘ri Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan «Hizbulloh» guruhi hujum qilishi xavfi mavjud. Ekspertlarning baholariga ko‘ra, Isroil mudofaa armiyasi kuchlarining 30-40 foizini HAMASga qarshi qo‘yishi mumkin. Ammo 100 mingdan ortiq kishilik qo‘shin ham TsAHAL 2008 (20 ming atrofida) va 2014 yilgi urushlarda (barcha yo‘nalishlarda 82 mingdan ortiq kishi safarbar qilingandi, ularning barchasi ham G‘azodagi amaliyotga jalb etilmagan) foydalanilgan kuchlardan ancha katta.

Hozircha amaliyot qanday shaklda kechishi aniq emas. 2008 yilda TsAHAL G‘azo sektorining katta qismini okkupatsiya qilgandi; qo‘shinlar uni uch qismga ajratgan va Misr bilan chegaradan kesib qo‘ygandi. 2014 yilda isroilliklar sektorning ancha ichkari hududlariga reydlar uyushtirish bilan cheklangan (o‘shanda amaliyotning maqsadi Isroil bilan chegaraga olib boruvchi tunnellarni yo‘q qilish bo‘lgandi). Mudofaa vaziri Yoav Galantning so‘nggi bayonotiga qaraganda, hozirgi amaliyot avvalgi mojarolar paytida ishlab chiqilgan xususiyatlarni birlashtiradi: birinchi bosqichda bo‘lib tashlovchi zarbalar va keng hududlar egallab olinishi, ikkinchisida — okkupatsiya qilinmagan aholi yashash manzillariga uyushtiriladigan reydlarga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Mavzuga oid