Jahon | 13:34 / 25.10.2023
5563
4 daqiqa o‘qiladi

YeI sanksiyalarga qaramay, Rossiyadan metall import qilishda davom etmoqda

Yevropa kompaniyalari Kremlga yaqin konchilik kompaniyalariga milliardlab pul to‘lashda davom etmoqda. 2022 yilning mart oyidan beri Rossiyadan YeIga metallar importi 13,7 milliard yevroni tashkil etdi, deb xabar berdi Investigate Europe jurnalistlari.

Foto: Manuel Blondeau/AP Photo/picture alliance

Yevropa Ittifoqining Ukrainaga qarshi urush tufayli Rossiyaga qarshi bir necha marta sanksiyalar kiritganiga qaramay, muhim xomashyo uchun savdo istisnolari saqlanib qolmoqda va Yevropa kompaniyalari Kreml bilan bog‘liq konchilik korxonalariga milliardlab yevro to‘lashda davom etmoqda, deya xabar beradi Investigate Europe surishtiruv portali 24 oktyabr, seshanba kuni chop etilgan materialda. 

2022 yil fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga qurolli bostirib kirishidan beri Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaga qarshi 11 ta sanksiya paketini, jumladan neft, ko‘mir, po‘lat va yog‘och kabi xomashyolarni qora ro‘yxatga kiritgan. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi tomonidan muhim deb hisoblangan jami 34 ta mineral Rossiyadan Yevropaga juda katta miqdorda yetkazib berilmoqda, bu Rossiya davlat korxonalari va oligarxlariga tegishli kompaniyalarni muhim pul resurslari bilan ta’minlaydi. 

Investigate Europe ma’lum qilishicha, o‘tgan yil mart oyidan beri Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga metall importi hajmi 13,7 milliard yevroni tashkil qilgan. Joriy yilning yanvar oyidan iyul oyigacha Yevropa kompaniyalari 3,7 milliard yevrodan ortiq rus metallarini, shu jumladan nikelni – 1,2 milliard yevro miqdorda import qildi. European Policy Centre ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropada ishlatiladigan nikelning ayrim turlari 90 foizi Kremlga yaqin bo‘lgan yetkazib beruvchilardan keladi. 

Foydali biznes 

Jurnalistlar aniqlashicha, eng yirik titan ishlab chiqaruvchisi, «Rostex»ga tegishli «Korporatsiya VSMPO-AVISMA» 2022 yil fevralidan 2023 yil iyuligacha Germaniya va Buyuk Britaniyadagi vositachilar yordamida Yevropa Ittifoqiga kamida 308 million dollarlik titan sotgan. 

«Korporatsiya VSMPO-AVISMA»ning eng yirik mijozlari orasida Airbus aerokosmik konserni ham bor, u 2022 yilning martidan 2023 yilning martigacha Rossiyadan kamida 22,8 million dollarga titan import qilgan, bu avvalgi davrga nisbatan to‘rt baravar ko‘p, deb xabar beradi Investigate Europe.

Yevropaga metallarning yana bir yirik yetkazib beruvchisi - oligarx Vladimir Potaninga tegishli «Nornikel». 2022 yilning martidan 2023 yilning iyuligacha ushbu kompaniya Finlandiya va Shveytsariya vositachilari yordamida Yevropa Ittifoqiga 7,6 milliard dollarlik nikel va mis eksport qildi. 

Oleg Deripaskaga tegishli «Rusal ham yirik metall yetkazib beruvchi hisoblanadi. Ukrainada urush boshlanganidan beri bu kompaniya Yevropa Ittifoqiga 2,6 milliard dollarlik alyuminiy import qilgan. 

Rossiya kompaniyalarining mijozlari 

Rossiya metallarining eng yirik xaridorlari orasida Germaniyaning GGP Metal Powder (urush boshlanganidan beri 66 million dollarlik mis), Fransiyaning qurol ishlab chiqaruvchi Safran shirkati (25 million dollarlik titan), Gretsiyaning Elval Halcor (alyuminiy uchun 13 million dollar) va Niderlandiyaning C. Steinweg logistika firmasi (100 million dollarlik turli metallar) bor.

Joriy yilning may oyida Buyuk Britaniya Rossiyadan metallar, jumladan alyuminiy, nikel va mis yetkazib berishga embargo joriy qildi. London hukumati Rossiya metall ishlab chiqaruvchilariga ham sanksiyalar kiritdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid