O‘zbekiston | 07:40 / 27.10.2023
5687
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarda «stoyanka»lar qurish rejalashtirilmoqda

Ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarda to‘xtab turish joylarini qurish va atrof-muhit, aholining sog‘lig‘i va osoyishtaligiga transport vositalari salbiy ta’sirini kamaytirish nazarda tutilmoqda.

O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarda to‘xtab turish joylarini qurish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lum qilindi.

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinishi rejalashtirilayotgan masalalar ko‘rib chiqilgan. Xususan, “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun shular jumlasidan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi paytlarda yo‘l-transport hodisasi oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘layotgani sohani tartibga soluvchi amaldagi qonunga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni hamda uni yanada takomillashtirishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri ishlab chiqilgan.

Qonundagi eng muhim yangiliklardan biri ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarda to‘xtab turish joylarini qurish va atrof-muhit, aholining sog‘lig‘i va osoyishtaligiga transport vositalarining salbiy ta’sirini kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonun yo‘llarda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakatini to‘g‘ri va tizimli yo‘lga qo‘yish, mutasaddi organlar o‘rtasida samarali hamkorlikni joriy qilish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid