Iqtisodiyot | 19:46 / 27.10.2023
21789
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Markaziy banki to‘rt oy ichida asosiy stavkani ikki barobarga oshirdi

Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 13 foizdan 15 foizga oshirdi. Bu inflatsiya bosimi «kutilganidan yuqori» ekani bilan izohlangan. Mazkur qaror fonida rubl kursi mustahkamlana boshladi.  

Foto: Yekaterina Kuzmina / RBK

Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani 2 foiz bandga oshirib, yillik 15 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu so‘nggi 4 oy ichida asosiy stavkaning to‘rtinchi marta oshirilishi hisoblanadi. Xususan, Rossiya bosh regulyatori asosiy stavkani iyul oyida 1 foizga, avgust oyida (rubl kursining qulashi fonida) 3,5 foizga va sentabrda yana 1 foiz bandga ko‘targan edi.

«Hozirda inflatsiya bosimi sezilarli darajada oshdi, bu Markaziy bank prognozlaridan ham yuqori. Bunday sharoitda narxlar oshishining belgilangan ko‘rsatkichlardan yuqoriga og‘ish ko‘lamini cheklash va inflatsiya darajasini 2024 yilda 4 foizga qaytarish uchun pul-kredit siyosati yanada qat’iylashtirilishi zarur», deya izoh bergan Rossiya MB.

Asosiy stavka nima?

Markaziy bank asosiy stavkasi – inflyatsion targetlash rejimi doirasida pul-kredit siyosatini yuritishning asosiy instrumenti bo‘lib, Markaziy bankning tijorat banklari bilan amalga oshiradigan pul-kredit operatsiyalari bo‘yicha mo‘ljal foiz stavkasi hisoblanadi. Ushbu stavkani o‘zgartirish orqali Markaziy bank iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan pul-kredit sharoitlarini belgilab boradi.

Asosiy stavkaning vazifasi quyidagilardan iborat:

  • mamlakatdagi inflatsiyani sekinlashtirish yoki qisman to‘xtatib turish;
  • banklarning tadbirkorlar va fuqarolarga beriladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining eng kam darajasini belgilash;
  • Markaziy bankning banklarga ularning qisqa muddatli likvidligini qo‘llab-quvvatlash uchun beriladigan qayta moliyalashtirish krediti qiymatini aniqlash;

Sodda qilib tushuntiriladigan bo‘lsa, Markaziy bank belgilangan asosiy stavkadan kelib chiqib, tijorat banklariga kredit beradi. O‘z navbatida tijorat banklari olingan pulga o‘z foizini qo‘shib jismoniy va yuridik shaxslarga kredit yoki qarz ko‘rinishida qayta tarqatadi. Asosiy stavkaning oshishi o‘z navbatida tijorat banklari tomonidan fuqarolarga taqdim qilinadigan kreditlar foizlari ham oshishiga ta’sir o‘tkazadi.

Rossiya Markaziy banki nega stavkani oshirmoqda?

Rossiya Bosh regulyatorining tushuntirishicha, ichki talabning o‘sishi ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlaridan oshib ketgan. Bunday sharoitda inflatsiya bosimini kamaytirish uchun pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish zarur. Shuningdek, ishchi kuchi tanqisligi sharoitida ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlari ham cheklangan.

Rus moliyachilarining ta’kidlashicha, bu qaror rubl uchun foydali va uni jamg‘arma valutasiga aylantiradi. Chunki, depozitlar bo‘yicha foizlar sezilarli darajada oshadi. O‘z navbatida, yuqori foiz stavkalari rivojlanishni sekinlashtirish nuqtai nazaridan iqtisodiyotga bosim o‘tkazadi.

Foiz stavkalarining pasayishi milliy valuta qadrsizlanishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Valuta bozoridagi sarmoyadorlar arzon milliy valutadan xalos bo‘lishni va foydaliroq xorijiy valutalarga o‘tishni afzal ko‘radi. Moskva birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Markaziy bankining asosiy stavkani yillik 15 foizga oshirish to‘g‘risidagi qaroridan keyin rubl kursi mustahkamlana boshlagan. Jumladan, dollar kursi 1,13 foizga pasayib, 92,9 rublgacha, yevro 98,19 rublgacha, yuan esa 12,653 rublgacha pasaygan. 

Ukraina bilan urush boshlanganidan keyin Rossiya Markaziy banki asosiy stavkasining o‘zgarish dinamikasi:

  • 2022 yil 28 fevral: yillik 9,5 foizdan 20 foizga oshirildi;
  • 2022 yil 11 aprel: yillik 20 foizdan 17 foizga pasaytirildi;
  • 2022 yil 29 aprel: yillik 17 foizdan 14 foizga pasaytirildi;
  • 2022 yil 27 may: yillik 14 foizdan 11 foizga pasaytirildi;
  • 2022 yil 10 iyun: yillik 11 foizdan 9,5 foizga pasaytirildi;
  • 2022 yil 21 iyul: yillik 9,5 foizdan 8 foizga pasaytirildi;.
  • 2022 yil 16 sentabr: yillik 8 foizdan 7,5 foizga pasaytirildi;
  • 2023 yil 21 iyul: yillik 7,5 foizdan 8,5 foizga oshirildi;
  • 2023 yil 15 avgust: yillik 8,5 foizdan 12 foizga oshirildi;
  • 2023 yil 15 sentabr: yillik 12 foizdan 13 foizga oshirildi.

Mavzuga oid