Jahon | 09:39 / 01.11.2023
4910
2 daqiqa o‘qiladi

Ekofaollar Germaniya kansleri ofisi binosiga bo‘yoq sepib ketdi

«Oxirgi avlod» harakatining iqlim faollari Berlindagi federal kansler binosi devoriga «Olaf yolg‘on gapiryapti» deb yozib ketdi. Ularning harakatlariga politsiya aralashgan.

Foto: Markus Schreiber/AP Photo/picture alliance

«Oxirgi avlod» harakatining ekofaollari 31 oktyabr, seshanba kuni Germaniya federal kansleri idorasi binosini to‘q sariq rangga bo‘yab, fasadning bir necha joyiga «Olaf yolg‘on gapiryapti» deb yozib qo‘ydi. Ular o‘z harakatlarini suratga oldi va uni X platformasida (sobiq Twitter) tarqatdi.

Umuman olganda, kansler idorasida 60-70 ga yaqin atrof-muhit faollari to‘plandi, ularning ba’zilari «Olaf yolg‘on gapirmoqda» va «Kansler iqlim haqida yolg‘on bayonot bermoqda» yozuvlari bo‘lgan bannerlarni ko‘tarib olgan. Politsiya namoyishchilarning harakatlariga aralashib, ularning ayrimlariga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Bir necha atrof-muhit faollari shaxsiy ma’lumotlarini aniqlash uchun qo‘lga olindi. 

Turli usullar yordamida iqlimni muhofaza qilish uchun kurash 

«Oxirgi avlod» Germaniya kansleri Olaf Shols va uning hukumatini iqlim siyosatidagi muvaffaqiyatsizlikda ayblaydi. Atrof-muhit faollarining harakatlariga Sholsning hukumat «iqlim falokatiga» qarshi kurashish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rayotgani haqidagi bayonoti sabab bo‘ldi. «Oxirgi avlod» harakati bu bayonotni «hayot uchun xavfli yolg‘on» deb atadi. 

Harakat a’zolari tomonidan iqlimni muhofaza qilish muammosiga e’tiborni qaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar turli usullari tufayli keng ommaga ma’lum bo‘ldi. Atrof-muhit faollari dunyodagi eng yirik muzeylardagi suratlarga pomidor sho‘rva sepib, Brandenburg darvozasini bo‘yoq bilan bo‘yagan hamda gavjum magistrallar va aeroportning uchish-qo‘nish yo‘laklariga bostirib kirgan, bu esa transport harakatini falaj qilib, samolyotlarning parvoz jadvalini buzgan. Faollarning bir qismi jarima va qamoq jazolariga hukm qilingan. 

Mavzuga oid