O‘zbekiston | 19:26 / 02.11.2023
13425
6 daqiqa o‘qiladi

Bir davlat bankining binosini boshqa bir davlat banki sotib oldi

Mikrokreditbank Toshkent markazidagi Aloqabank va Raqamlashtirish vazirligi binolarini sotib oldi. Bitimlarning umumiy narxi – 387 mlrd so‘m. Ekspert rentabelligi o‘ta past bo‘lgan bankning bir necha yuz milliardga bino sotib olayotganini tanqid qildi.

Foto: e-auksion.uz

Toshkent shahri Mirobod tumani Amir Temur shohko‘chasi 4-uy manzilida (Amir Temur xiyoboni oldida) joylashgan Raqamli texnologiyalar vazirligi va Aloqabank binolari sotilgan. Tegishli oldi-sotdi shartnomalari davlat xaridlari portaliga joylashtirilgan. Har ikkala ko‘chmas mulk obektining xaridori – Mikrokreditbank.

Aloqabank bosh ofisi binosi 317,15 mlrd so‘mga sotilgan. Kelishilgan pul miqdorining 35 foizi – 111 mlrd so‘m 30 kalendar kunida to‘lanishi kerak. Qolgan 206,15 mlrd so‘mni esa 2024 yilning oktyabr-noyabr oylarigacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash ko‘zda tutilgan.

Raqamli texnologiyalar vazirligi binosi 69,85 mlrd so‘mga xarid qilingan. Shartnoma bahosining 35 foizi – 24,45 mlrd so‘m bitim kuchga kirgan kundan keyin 1 oy muddatda, qolgan 45,41 mlrd so‘mni esa 2024 yilning noyabr oyigacha to‘lash kerak.

Har ikkala oldi-sotdi shartnomasi ham 2023 yil 11 oktyabr kuni tuzilgan.

“Qandoq qilib bunga ruxsat berilgan?”

Iqtisodchi Otabek Bakirov Mikrokreditbankning rentabelligi past ekaniga urg‘u berib, bir necha yuz milliardga bino sotib olayotganini tanqid qildi.

“Mikrokreditbank 0,7 foizlik kapital rentabelligiga ega, ya’ni bu bankka davlatning tikkan 1 mlrd puli 7 mln so‘m bo‘lib qaytadi.

1 oktyabr holatiga yuqori likvidli aktivlarning jami aktivlardagi ulushi 7,1 foizni tashkil etgan (minimum 10 foiz). Likvidlikni qoplash me’yori doimiy ravishda buzib kelinadi. Ya’ni agar Mikrokreditbank davlat banki bo‘lmaganida allaqachon litsenziyasi olinib, yopib tashlanishi kerak bo‘lardi.

Men bilmayman, qandoq qilib, o‘zi hatto to‘lovlarni moliyalashtirishga puli yo‘q bankka bir necha yuz milliardga bino olishga ruxsat berilgan. Kim moliyalashtiradi bu bitimni? Qaysi manbalar hisobidan (binoni sotayotgan bank qarz berib turadimi? Kengash a’zolari qayoqqa qaragan? Xabari bormi? Markaziy bank ruxsat berganmi shu bitimga? Qaysi asoslarda? Bu bitim omonatchi va kreditorlar manfaatlariga real xavf tug‘diradi-ku”, deya yozdi Otabek Bakirov.

Salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat banklarini xususiylashtirish va transformatsiya qilishga mas’ul tashkilot hisoblanadi. Kun.uz muxbiri 1 noyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazirlik rasmiylariga “Budjet intizomini kuchaytirish, xarajatlarni muofiqlashtirish bo‘yicha davlat rahbari tomonidan alohida topshiriq berilgan paytda, nima uchun bir davlat banki boshqa bir davlat bankining mulkini satib olmoqda?” degan savol bilan yuzlandi.

“Agar bankning likvidligi, moliyaviy holatining yomonlashishiga olib keladigan ishlar bo‘lsa, har bitta bank kesimida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ekspertlar, xalqaro konsultantlar va Markaziy bank bilan hamkorlikda bu ishlarni amalga oshiramiz, ma’lumot almashib, chora-tadbirlarimizni muvofiqlashtirib boramiz.

Siz yuqorida aytib o‘tganga o‘xshash operatsiyalar moliyaviy holat va aktiv operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatiga salbiy ta’sir qiladi, bu masala chuqur o‘rganib boriladi. Bunday tranzaksiyalar amalga oshirilganidan keyin davriy ravishda ularning sababi va yuzaga kelayotgan salbiy oqibatlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Aniqroq javob beradigan bo‘lsam, keyingi yildan xorijiy konsalting firmalarini jalb qilgan holda binolarni yaxshi investorlarga sotish va shu orqali banklarning moliyaviy holatini, ayniqsa likvidligini yaxshilash bo‘yicha o‘zimizning rejamizni tuzib olganmiz”, – dedi iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev budjet intizomini kuchaytirish kerakligiga alohida urg‘u bergandi. Davlat rahbari budjet mablag‘lari hisobidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiq-oshkora tanlov va tenderlar o‘tkazish amaliyotini kengaytirish kerakligini aytgandi.

Binolarning shubhali xususiylashtirilish tarixi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi va Aloqabank binolari kimoshdi savdosiga o‘tgan yili qo‘yilgandi. Joriy yilning 4 aprel kuni E-auksion savdo platformasida bo‘lib o‘tgan savdolarda Aloqabank bosh ofisi binosi 10 daqiqa 44 soniyada 317,14 mlrd so‘mga sotilgan, bu – lotning boshlang‘ich bahosidan (302 mlrd so‘m) 5 foizga ko‘p. G‘olib bo‘lgan taklif “Black Gold Industry News” tomonidan bildirilgandi.

Oradan 9 soniya o‘tib, ushbu kompaniya Raqamlashtirish vazirligi binosini sotib olish uchun o‘tkazilgan ikkinchi kimoshdi savdosida ham g‘olib chiqadi. Bu ko‘rsatkich ham dastlabkisidan 5 foizga oshib, 69,85 mlrd so‘mni tashkil etgan. Mazkur lot 66,5 mlrd so‘mlik boshlang‘ich narx bilan auksionga chiqarilgandi.

E’tiborlisi, 3 aprel kuni – kimoshdi savdosidan bir kun avval Aloqabank ushbu kompaniyaga 15 yil muddatga, 14 foiz stavkada 390 mlrd so‘m kredit ajratgan. 390 mlrd so‘m – bank aktivlarining 20,4 foizini tashkil etadi.

390 mlrd so‘m kredit olgan kompaniyaga ikkita bino xaridi 387 mlrd so‘mga tushgan. Kompaniyaga ajratilgan kredit stavkasi – 14 foiz bozor narxidan ancha arzon.

Jamoatchilik e’tirozlaridan so‘ng, may oyi boshida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov mazkur bitim bekor etilganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid