Jahon | 12:03 / 03.11.2023
5257
3 daqiqa o‘qiladi

Finlandiyada rossiyalik milliarderga tegishli orolda tintuvlar o‘tkazildi

Finlandiya politsiyasi 2020 yilda «Merkuriy» kompaniyasi rahbari Igor Kesayev tomonidan sotib olingan Kotasaari orolida musodara qilinadigan mulkni qidirgan, deb yozadi Finlandiya OAV.

Foto: Reuters

Finlandiya politsiyasi 1 noyabr, chorshanba kuni rossiyalik milliarder, «Merkuriy» kompaniyalar guruhi rahbari Igor Kesayevga tegishli Kotasaari orolida tintuv o‘tkazdi. Bu haqda Finlandiyaning Ilta-Sanomat internet nashri xabar berdi. Nashrdan ma’lum bo‘lishicha, politsiya tadbirkorning 2022 yildan beri Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida bo‘lgan hamda xatlovga olinishi mo‘ljallangan mol-mulkini hamda tergov uchun materiallarni qidirgan.

Qayd etilishicha, Igor Kesayev Kotasaari orolini 2020 yilda 700 ming yevroga sotib olgan. 2021 yil oktyabr oyida Belgiyaning Euractiv internet nashri ushbu bitim Finlandiya Mudofaa vazirligining ruxsatisiz amalga oshirilganini yozgan, rossiyalik tadbirkor Kiprning investitsiyalar uchun olingan «oltin pasportidan» foydalangan.

Hujjatlarga ko‘ra, rossiyalik tadbirkorning Kotasaaridagi umumiy mulki maydoni 20 gektarni tashkil qiladi. Janubiy Savo mintaqasidagi Puumala munitsipaliteti veb-saytidagi reyestrda aytilishicha, orolda 420 kvadrat metrlik dam olish uchun inshoot, asosiy bino, mehmon uyi, shuningdek, plyajdagi sauna va vertolyot maydonchasi mavjud.

Ayni paytda, Ilta-Sanomat o‘quvchilari jurnalistlarga ularning kuzatishlariga ko‘ra, 2023 yilning aprel va mart oylarida oroldagi binolar bo‘m-bo‘sh turgandek tuyulganini aytdi. O‘tgan qish va bahorda ham u yerda odam ko‘rinmagan.

Igor Kesayevning biznesi

Forbes jurnali ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 2 noyabr holatiga Igor Kesayevning boyligi 3,6 milliard dollarga baholangan. Kesayev va uning sherigi Sergey Katsiyev tomonidan asos solingan «Megapolis» kompaniyasi nashr veb-saytidagi tadbirkorning kartochkasida ko‘rsatilganidek, Rossiya tamaki bozorining 70 foizini nazorat qiladi. 2019 yilda Kesayev o‘zining «Diksi» supermarketlar tarmog‘ini boshqa do‘konlar tarmog‘i bilan birlashtirib, Rossiyadagi eng yirik chakana savdo tarmoqlaridan birini yaratdi.

Igor Kesayevga qarshi sanksiyalar YeI tomonidan 2022 yil aprelida kiritilgan edi. 2015 yil iyul oyida «Novaya gazeta» surishtiruv e’lon qildi, unda Kesayev o‘sha paytda faxriy prezidenti bo‘lgan «Monolit» jamg‘armasi 2003 yilda «FSB» bilan «moliyaviy yordam ko‘rsatish to‘g‘risida» shartnoma imzolagani haqida xabar berilgan. «Ushbu kelishuv doirasida Kesayev fondi «FSB» ehtiyojlari uchun Rossiyaning turli shaharlaridan kvartiralar sotib olgan», — deyiladi nashrda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid