Jahon | 11:42 / 07.11.2023
3354
3 daqiqa o‘qiladi

Kiyev: yangi yordamsiz budjet taqchilligi 29 mlrd dollarga yetadi

Ukraina moliya vaziri Marchenko ittifoqchilarni Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmaslikka chaqirib, korrupsiyaga qarshi kurash organlarini yanada isloh qilishga va’da berdi.

Foto: Shutterstock

Xorijiy hamkorlarning moliyaviy yordami bo‘lmasa, Ukraina kelasi yili 29 milliard dollarlik budjet kamomadiga duch keladi. Bu haqda Oliy radaning 2024 yil uchun budjeti qabul qilinishi arafasida Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko 6 noyabr, dushanba kuni Politico nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish juda muhim, chunki urushdan tashqari biz iqtisodiy inqirozga ham duch kelyapmiz», - dedi u. Ukraina vazirining so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi inqiroz Yevropa Ittifoqida migratsiya, narxlarning oshishi, ayniqsa, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari, neft va gaz narxiga ta’sir ko‘rsatadi. 

Ukraina Moliya vazirligi rahbari keyingi islohotlarga tayyorligini ma’lum qildi 

Marchenko, shuningdek, Kiyevning korrupsiyaga qarshi kurash organlarini kuchaytirish bo‘yicha keyingi islohotlarga tayyorligini ta’kidladi. «Biz muhokamaga tayyormiz, ammo Ukrainaga yordam ko‘rsatishni kechiktirishiga tayyor emasmiz. Kelgusi yil boshigacha bizga pul kerak», - dedi u. 

Shu bilan birga, Ukraina vaziri ittifoqchilarni Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshida G7 davlatlari muzlatib qo‘ygan 300 milliard dollarga yaqin Rossiya aktivlarini Kiyevga o‘tkazishga chaqirdi. «Ukraina uchun Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini olish qonuniy ustuvor vazifadir», dedi u. 

Yaqin kunlarda Ukraina Oliy radasi mamlakatning 2024 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishi kerak. YeI Ukrainaga 2024-2027 yillarga mo‘ljallangan 50 milliard yevro miqdoridagi yordam paketini taqdim etishga va’da berdi, uning ajratilishi YeIga a’zo barcha 27 davlatning roziligiga bog‘liq. Slovakiya va Vengriya Ukrainadagi korrupsiyani tilga olib, bu yordam ko‘rsatilishiga qarshi. AQShning keyingi moliyaviy yordami ham noaniq, chunki Vakillar palatasi 3 noyabr kuni Ukrainani tilga olmasdan, Isroilni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublikachilar rejasini qabul qildi. AQSh prezidenti Jo Bayden agar u Senat tomonidan qabul qilinsa, hujjatga veto qo‘yishini aytdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid