Jahon | 10:01 / 07.11.2023
4469
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha yuk mashinalari Ukraina bilan chegaradagi o‘tish joylarini to‘sib qo‘ydi

Polshadagi transport kompaniyalari Ukrainadan arzon raqobatga qarshi norozilik bildirmoqda. Bir nechta chegara o‘tish joylarida ular avtomobillarni o‘tkazyapti va yuk mashinalarining o‘tishini to‘sib qo‘ygan.

Foto: Reuters

Ukrainadan raqobatga norozilik sifatida o‘nlab Polsha tashuvchilari Ukraina bilan chegaradagi bir nechta chegara o‘tish joylarini to‘sib qo‘ydi. Polsha transport kompaniyalarining norozilik bildirayotgan xodimlari yengil avtomobillar o‘tishiga ruxsat bermoqda, biroq yuk mashinalarining mamlakatga kirishiga to‘sqinlik qilmoqda, deb xabar berdi PAP axborot agentligi 6 noyabr, dushanba kuni Polsha politsiyasiga tayanib. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, soatiga faqat bitta yuk mashinasi o‘tishi mumkin.

Shu tariqa yuk tashuvchilar arzonroq transport xizmatlarini taklif qilayotgan ukrainalik raqobatchilarning harakatlariga qarshi norozilik bildirmoqda. Ular, jumladan, Ukraina kompaniyalari Polsha orqali tovarlarni faqat maxsus ruxsatnoma bilan olib o‘tishini talab qilyapti, faqat gumanitar va harbiy yuklar bundan mustasno bo‘lishi mumkin, deya xabar berdi PAP. Bundan tashqari, Polsha transport sohasi vakillari Ukrainada huquqlari buzilganidan shikoyat qilmoqda. Ukrainadan Polshaga yuklarni yetkazib berish uchun elektron ro‘yxatdan o‘tish talab qilinadi, bu 12 kungacha kutish vaqtini o‘z ichiga oladi, Polshada esa bunday talablar yo‘q. 

«Ukrainskaya pravda»ning qayd etishicha, Grebennoye, Dorogusk va Korchevadagi o‘tish joylari to‘sib qo‘yilgan. Ayni paytda, Ukraina Davlat chegara xizmati har ikki yo‘nalishdagi uchta nazorat-o‘tkazish punkti yo‘nalishi bo‘yicha yuk tashishda qiyinchiliklar yuzaga kelganini ma’lum qildi. «Norozilik tashkilotchilari soatiga bitta yuk mashinasini, shuningdek, xavfsizlik yuklari, gumanitar yuklar, tez buziladigan oziq-ovqatlarni tashuvchi va hokazolarni olib o‘tishga ruxsat berishni rejalashtirmoqda», deyiladi bayonotda. 

Ukrainaning Polshadagi elchisi blokadani olib tashlashga chaqirdi 

Ayni paytda, Ukrainaning Polshadagi elchisi Vasiliy Zvarich polshalik tashuvchilarni blokadani olib tashlashga chaqirdi. U bu qadamni Rossiya tajovuzidan aziyat chekayotgan «Ukrainaga orqadan pichoq urish» deb atadi. «Ukraina va YeI o‘rtasidagi birdamlik yo‘laklari tahdid ostida. Biz chegara blokadasini to‘xtatishga chaqiramiz», - deb yozdi u X ijtimoiy tarmog‘ida. 

Yevropa Ittifoqi Ukraina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Rossiyaning keng ko‘lamli harbiy harakatlari boshlanganidan so‘ng ukrainaliklarga yuk tashish uchun ruxsatnoma olish zaruratini bekor qildi. Dastlab bu choralar bir yilga amal qildi, o‘tgan yozda esa 2024 yilning iyunigacha uzaytirilgan edi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid