Tanzila Norboyeva BMT bosh kotibi yordamchisi bilan uchrashdi
Senati raisi Ko‘kalamzorlashtirish va o‘rmonlar bo‘yicha global forum direktori bilan sog‘liqni saqlash, ekologiya, iqlim o‘zgarishi yo‘nalishlaridagi loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan BMT bosh kotibi yordamchisi, Ko‘kalamzorlashtirish va o‘rmonlar bo‘yicha global forum direktori Juliyeta Biao Kudenukpo bilan uchrashdi.
Muloqotda O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, xususan, sog‘liqni saqlash, ekologiya, iqlim o‘zgarishi yo‘nalishlaridagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining «O‘zbekiston Respublikasida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy harakatlarni kuzatish va texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha integratsiyalashgan va kengaytirilgan shaffoflik tizimini yaratish salohiyatini oshirish» loyihasi samarali amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda uning bolalar, yoshlar va ayollarga ta’sirini hisobga olgan holda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Orol dengizining qurishi zamirida BMT va uning ixtisoslashgan idoralarining faol ishtirokida «yashil» texnologiyalarni keng joriy etish va zamonaviy iqlim texnologiyalarini jalb qilish bo‘yicha texnik qo‘llab-quvvatlashda yangi chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Konstruktiv va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida muloqotni tizimli davom ettirish, barqaror rivojlanish, inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish, hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘lamini kengaytirishga kelishib olindi.
Mavzuga oid
16:16
Ekspertlar: BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyalari «maqsadlarga mos kelmaydi»
17:11 / 15.11.2024
Ilon Mask Eronning BMTdagi elchisi bilan maxfiy uchrashuv o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi
17:39 / 07.11.2024
BMT Markaziy Osiyoda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni kamayganini qayd etdi
17:00 / 05.11.2024