21:50 / 10.11.2023
33820

Toshkentda mast holda halokatli YTH sodir qilgan amaldor 4,5 yilga qamaldi

Haydovchi piyoda ayolni urib yuborgan, u shifoxonada vafot etgan edi. 

12 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri, Yangihayot tumani sudi piyodani urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga nisbatan hukm chiqardi. 

Ish materiallariga ko‘ra, sudlanuvchi Sh.P. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta’lim agentligining Moliya, iqtisodiyot va davlat-xususiy sheriklik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. U 18 iyul kuni hibsga olingan. 

Baxtsiz hodisa 4 iyun kuni sodir bo‘lgan. Haydovchi mast holatda Nexia rusumli avtomashinasini Yangihayot tumani, Davlatobod ko‘chasi bo‘ylab «50−60 km/soat tezlikda» haydab ketayotib, yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Ayol shifoxonaga yetkazilgan, biroq jonlantirish bo‘limida vafot etgan. 

Erkak o‘z aybiga qisman iqror bo‘lgan, biroq avariyada piyodaning o‘zi ham aybdor ekanini aytgan. U yetkazilgan zararni qoplash uchun marhumning qarindoshlariga 100 mln so‘m bermoqchi bo‘lgan. Shuningdek, voyaga yetmagan farzandlari borligini, bundan tashqari, oyiga 10 mln so‘m to‘lanadigan ipoteka krediti borligini inobatga olib, jazoni yengillashtirishni so‘ragan. 

Sud majlisida marhumning qizi so‘zga chiqib, onasidan boshqa yaqin qarindoshi yo‘qligini, agar sudlanuvchi haqiqatan ham 50−60 km/soat tezlikda harakatlansa, onasi bunchalik og‘ir tan jarohati olmagan bo‘lishini aytgan. U 100 mln so‘mni olishdan bosh tortib, sudlanuvchini qonun doirasida jazolashni so‘ragan. 

Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi «a» bandi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish) bilan aybdor deb topilib, 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilish bilan 4 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Top