Jahon | 00:32 / 11.11.2023
10589
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziyada amaldor korrupsiya uchun darra urishga hukm qilindi

Sud siyosatchiga 7 yillik qamoq va tayoq bilan 2 marta darra urish jazosini tayinladi.

Foto: Reuters

Kuala-Lumpur Oliy sudi 9 noyabr kuni Malayziyaning sobiq yoshlar va sport vaziri, 30 yoshli Sayid Siddiq Abdul Rahmonga hukm chiqardi. Siyosatchiga ishonchni suiiste’mol qilish, mulkni o‘zlashtirish va pul yuvish kabi qator ayblovlar qo‘yilgan. Sobiq bosh vazir 7 yillik qamoq, 10 million Malayziya ringgiti (2,1 million dollar) miqdorida jarimaga tortilishidan tashqari, 2 marta darra urishga ham hukm qilindi.

Bernama xabariga ko‘ra, bu mamlakatda birinchi marta siyosatchining jismoniy jazoga hukm qilinishidir. 30 yoshli Sayid Abdul Rahmon sud qarorini hurmat qilishi, ammo advokati bilan hukmni muhokama qilib, apellyatsiya berishini aytgan. Aniqlik kiritilishicha, sud qarori kuchga kirgunga qadar siyosatchi parlament deputati maqomini saqlab qoladi.

Korrupsiya mojarosi 2020 yilda yuz berdi. O‘sha paytda vazir bo‘lib ishlagan Sayid Abdul Rahmon hukumatdan 1 million ringgit (212 ming dollar) miqdoridagi mablag‘ ishonib topshirilgan hamkasbini pulni o‘zlashtirishga undagan. Sobiq vazirga qo‘yilgan boshqa ayblovlar umumiy qiymati qariyb 220 ming ringgit (taxminan 50 ming dollar) miqdoridagi pul yuvish ishi bilan bog‘liq.

Malayziya Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, darra urish jazosi faqat ayollar, 50 yoshdan oshgan erkaklar va o‘limga hukm qilinganlar uchun qo‘llanmaydi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid