Finlandiya Isroildan raketalarga qarshi mudofaa tizimini sotib oldi
Isroil Mudofaa vazirligi bosh direktori Eyal Zamir yetakchi ballistik raketa va uchuvchisiz uchoqlarni tutib olish tizimlaridan biri bo‘lgan «Dovud choponi»ni Finlandiyaga 317 million yevroga sotish bo‘yicha shartnoma imzoladi.
Isroil NATOning yangi a’zosi Finlandiya bilan «Dovud choponi» raketalarga qarshi mudofaa tizimini sotish bo‘yicha shartnoma imzoladi. 12 noyabr, yakshanba kuni Isroil Mudofaa vazirligi vazirlik bosh direktori Eyal Zamir tomonidan imzolangan ushbu kelishuvni «tarixiy» deb atadi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Amerika kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan tizim ballistik va qanotli raketalarni, dronlarni va boshqa uchish apparatlarini, jumladan, samolyotlarni tutib olish va zararsizlantirishga qodir.
Aprel oyida NATOning 31-a’zosiga aylangan Finlandiya ittifoqqa qo‘shilganidan ko‘p o‘tmay «Dovud choponi»ni sotib olish niyatini e’lon qildi. Bitim hajmi 317 million yevroni tashkil etdi.
Germaniya ham Isroildan havo mudofaasini sotib olgan
Sentyabr oyida Isroil Germaniya bilan Arrow 3 havo mudofaa tizimini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan edi. Isroil hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, mudofaa shartnomasining qiymati taxminan 3,3 milliard yevroni tashkil qilgan. Amerikaning Boeing kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan tizim 2025 yil oxirigacha Germaniyada cheklangan miqyosda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.
Arrow 3 havo hujumidan mudofaa mobil tizimi 2400 kilometrgacha masofadan otilgan ballistik raketalarni tutib olishga qodir. Kelajakda u Germaniyani barcha ma’lum turdagi havo hujumlaridan ishonchli himoya bilan ta’minlashi kerak. Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistoriusning so‘zlariga ko‘ra, Arrow 3 NATO havo mudofaa tizimiga ham kiritilishi kerak.
Maqsad - «osmondagi bo‘shliqlarni» yo‘q qilish
Rossiyaning Ukrainada harbiy harakatlari boshlanishi natijasida 2022 yilda Germaniya Yevropa yangi havo hujumidan mudofaa tizimi – «Yevropa osmon qalqoni»ni yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Bunday qalqonni yaratishdan maqsad havo mudofaasidagi bo‘shliqlarni bartaraf etishdir. Berlin tomonidan taklif qilingan osmon mudofaasi o‘rta va uzoq masofali raketalarni yoki hujumchi dronlarni zararsizlantirish uchun mos keladigan turli xil tizimlar majmuasini, shu jumladan Rossiyaning ehtimoliy havo hujumlaridan ishonchli himoyani o‘z ichiga olishi kerak.
Mavzuga oid
09:20
Yevropada yakkalanayotgan Isroil futboli
20:37 / 15.11.2024
Isroil Erondagi maxfiy yadro laboratoriyasini yo‘q qildi - OAV
08:08 / 14.11.2024
Borrel YeIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
14:29 / 13.11.2024