Jahon | 11:01 / 13.11.2023
2595
3 daqiqa o‘qiladi

Ispaniyada yana ayirmachilarni amnistiyaga qilishga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi

O‘n minglab odamlar Madrid va boshqa shaharlar ko‘chalariga chiqdi. Ular Ispaniya bosh vaziri Sanchesning kataloniyalik ayirmachilarni afv etish rejalariga qarshi.

Foto: Joan Mateu Parra/AP Photo/picture alliance

12 noyabr, yakshanba kuni Ispaniya bo‘ylab o‘n minglab odamlar bosh vazir vazifasini bajaruvchi Pedro Sanchesning Kataloniya bo‘lginchilariga amnistiya qo‘llash rejalariga qarshi yangi norozilik namoyishlariga chiqdi. Mitinglar tashabbuskori muxolifatdagi konservativ Xalq partiyasi (XP) bo‘ldi. 

Eng yirik norozilik Madridda bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilarning so‘zlariga ko‘ra, u 1 millionga yaqin odamni jalb qildi, hukumat poytaxtdagi mitingda 80 ming ishtirokchi qatnashganini e’lon qildi. Namoyishchilar qo‘llarida Ispaniya va Yevropa Ittifoqi bayroqlari, shuningdek, «Konstitutsiyani hurmat qiling» va «Ispaniya demokratiyasi tahdid ostida» kabi shiorlar yozilgan bannerlarni ushlab turdi. «Biz yangi saylovlar o‘tkazilmaguncha jim turmaymiz», deb va’da berdi XP rahbari Alberto Nunes Feyxoo Puerta-del-Sol markaziy maydonida yig‘ilganlarga murojaat qilib. 

Barselonada, mahalliy politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishda 6000, Granadada - 30 000, Sevilyada - 50 000 kishi qatnashgan. Mitinglar Malaga, Palma va Valensiyada ham bo‘lib o‘tdi. Tashkilotchilarning aytishicha, Ispaniya bo‘ylab namoyishlarga 2 millionga yaqin odam qo‘shilgan. 

Sanches amnistiyani koalitsiya evaziga taklif qildi 

Ispaniyada 23 iyul kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari natijasida hukmron koalitsiya tuzilmadi. Sanches boshchiligidagi Ispaniya Sotsialistik ishchilar partiyasi (ISIP) ikkinchi o‘rinni egalladi va yetakchilikni Xalq partiyasi konservatorlariga boy berdi. Qirol Filipp VI XP yetakchisi Feyxooga koalitsiya tuzishni topshirdi, biroq uning nomzodi parlament quyi palatasi tomonidan rad etildi. Shundan so‘ng koalitsiya tuzish vazifasi Sanchesga yuklatildi.

Yangi hukumatni shakllantirish bo‘yicha muzokaralar doirasida ISIP Kataloniya partiyalari bilan 2017 yilda Kataloniya mustaqilligini e’lon qilish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz urinishda ishtirok etgan siyosatchilarni amnistiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid