Qosim-Jo‘mart To‘qayev Qozog‘iston hokimiyatiga kelgandan beri uning Putin bilan munosabatlarini tushunish ancha qiyin. Bir qarasangiz, strategik sheriklik va o‘sib borayotgan iqtisodiy hamkorlik haqida gapiriladi, bir qarasangiz, Putin bilan To‘qayev aytishayotganini, ular o‘rtasida kuchli ziddiyatlar borligini kuzatish mumkin.
Qozog‘iston – O‘zbekistonning eng birinchi qo‘shnisi. Birinchi deyilishiga sabab – aynan Qozog‘iston bilan O‘zbekistonning eng uchun chegarasi to‘g‘ri keladi. Rossiya Federatsiyasi esa, O‘zbekiston mustaqilligini qo‘lgan kiritgandan buyon, yoki birinchi, yoki ikkinchi savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi.
Umuman, O‘zbekistonning Rossiya bilan bog‘liqligi, keyingi bir yarim asrda, misli ko‘rilmagan darajaga yetdi. 1991 yilga qadar, biz – Rossiya davlatchiligining to‘liq tarkibida bo‘ldik. Xo‘sh, O‘zbekistonning bu eng muhim ikki qo‘shnisi bo‘lmish Rossiya bilan Qozog‘istonning bugungi o‘zaro munosabatlari zamirida nima turadi: do‘stlikmi yoki dushmanona kayfiyat?
Bugun Rossiya geosiyosatidagi eng muhim tushunchalar, bular “anti-Rossiya”, neytral va “pro-Rossiya”. Anti-Rossiya, ya’ni aksil-Rossiya – rus propagandasi ta’rifiga ko‘ra, Rossiyaning strategik manfaatlariga qarshi bo‘lgan, Rossiyani davlat sifatida yiqilishi yoki strategik zaiflashuvidan manfaatdor bo‘lgan davlatlardir. Pro-Rossiya esa, Rossiya uchun do‘st ko‘riladigan davlatlar bo‘lib, ular Rossiya davlati va joriy siyosiy tizimning yashovchanligidan manfaatdor hisoblanadi. 2021 yildan boshlab, Rossiya davlat organlari “Rossiyaga do‘st va dushman bo‘lgan davlatlar ro‘yxati”ni e’lon qilib borishmoqda.
Demak, joriy 2023 yilning fevral oyida tuzilgan ro‘yxatga ko‘ra, post-sovet hududidagi eng yirik anti-Rossiya sifatida Ukraina, Latviya, Litva, Estoniya sanab o‘tiladi.
Rossiyaga do‘st davlatlar ro‘yxatining eng peshqadami, albatta Belorus. So‘ng Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Qozog‘iston egallagan. Ro‘yxat shu yilning boshida tuzilgani sabab, Armaniston “Rossiya do‘stlari” ro‘yxatida beshinchi o‘rinda turibdi. Lekin keyingi oylardagi rus propagandasini kuzatsak, Armaniston “dushmanona qadamlar tashlayotgan davlat” sifatida ta’riflanadi. Gruziya va Moldova esa “neytral” davlatlar sifatida sanab o‘tiladi.
Garchi Qozog‘iston Rossiya OAV tomonidan “neytral, do‘st” davlat sifatida e’tirof etilsa-da, lekin Moskva va Ostona munosabatlarida juda ko‘p sovuq nuqtalar bor.
9 noyabr kuni Toshkentda Iqtisodiy Hamkorlik Tashkiloti sammiti bo‘layotganda, bu tashkilotga a’zo davlatlarning deyarli barcha rahbarlari keldi, faqat To‘qayev kelmadi. Uning o‘rniga Qozog‘istondan bosh vazir keldi. Sababi To‘qayev Ostonada Putin bilan uchrashdi. Uchrashuvda, birinchi marta, To‘qayev o‘z nutqini qozoq tilida boshladi, bu Rossiya delegatsiyasi uchun kutilmagan voqea bo‘ldi.

















