13:58 / 16.11.2023
6554

Bloomberg: AQSh Isroilga harbiy yordamni oshirdi

Qo‘shma Shtatlar Isroilni «Apach» hujumkor vertolyotlari uchun lazerli boshqariladigan qo‘shimcha raketalar, 155 millimetrli snaryadlar, tungi ko‘rish moslamalari va harbiy mashinalar bilan ta’minlamoqda. 

Foto: AFP / ARIS MESSINIS

Pentagon Isroilga harbiy yordamni oshirib, unga so‘rovi bo‘yicha o‘zining «Apach» hujumkor vertolyotlari uchun lazerli boshqariladigan qo‘shimcha raketalar, 155 millimetrli snaryadlar, tungi ko‘rish moslamalari, bunkerlarni yo‘q qiladigan o‘q-dorilar va armiya uchun yangi transport vositalari yetkazib beryapti. Bu haqda 14 noyabr kuni AQSh Mudofaa vazirligining jurnalistlar ixtiyorida bo‘lgan ichki ro‘yxatiga tayanib, Bloomberg xabar berdi

Isroilning qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha so‘rovi hisoblangan Israel Senior Leader nomli hujjat oktyabr oxirida ishlab chiqilgan, hozirda u Pentagon ichida tarqalmoqda, deya xabar beradi nashr. Bloomberg tomonidan ko‘rilgan hujjatlarga ko‘ra, Isroil so‘ragan qurollar allaqachon yetkazib berilgan yoki Pentagon ularni AQSh va Yevropadagi omborlardan yetkazib berish ustida ishlamoqda. 

Shu tariqa, oktyabr oyining oxiriga kelib, 30 mm kalibrli zambaraklar uchun 36 mingta snaryad, piyodalar uchun alohida M141 BDM granatomyotiga 1800 ta o‘q-dorilar va kamida 3500 ta tungi ko‘rish moslamalari yetkazib berildi, deyiladi xabarda. 

AQShdan Isroilga harbiy yordam

Pentagon matbuot kotibi ma’lumotlarga izoh berishdan bosh tortdi, ammo AQSh Mudofaa vazirligi bayonotida Vashington «Isroilning o‘zini himoya qilish vositalariga ega bo‘lishini ta’minlash uchun ichki zaxiralardan tortib AQSh sanoat kanallarigacha bo‘lgan ko‘plab jabhalarda ishlayotganini» bildirdi.

Xavfsizlik yordami deyarli har kuni yetib kelishda davom etmoqda, deyiladi hujjatda. Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar Isroilga tezkorlik bilan aniq boshqariladigan o‘q-dorilar, kichik diametrli bombalar, 155 millimetrli artilleriya snaryadlari va boshqa o‘q-dorilar, shuningdek, «Temir gumbaz» havo mudofaa tizimi uchun raketalar, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun uskunalar yetkazib bermoqda.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 11 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzu
HAMAS–Isroil urushi
7 oktyabr kuni G‘azo bo‘lgasidagi HAMAS kuchlari Isroilga yoppasiga raketa zarbalari berdi va chegaradagi aholi punktlarini egallay boshladi. Bunga javoban Isroil tashkilotga qarshi urush ochdi. Bu safargi eskalatsiya avval kuzatilmagan darajada ko‘p qurbonlarga olib keldi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top