18:56 / 16.11.2023
13365

Toshkent viloyati hokimligi 3 ta xizmat mashinasi uchun 1,3 mlrd so‘m ajratilganiga izoh berdi

Bu prezident qarorida belgilab qo‘yilgani, shuningdek, amaldagi xizmat mashinalari «o‘ta ta’mirtalab» holatga kelgani bilan izohlandi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

Toshkent viloyati hokimining ikki nafar o‘rinbosari va Yuqori Chirchiq hokimiga xizmat mashinalari olish uchun 1,3 milliard so‘m ajratilishi prezident qaroriga asosan amalga oshirilgan. Shuningdek, amaldagi xizmat mashinalari o‘ta ta’mirtalab holatga kelib qolgan. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi. 

Avvalroq, viloyat hokimligi o‘rinbosarlari uchun Xitoyning BYD gibrid turkumidagi ikkita mashina, Yuqori Chirchiq tumani hokimiga bitta mashina sotib olish uchun mahalliy budjetdan 1,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgani, bu bilan viloyat hokimligi avtoparkidagi mashinalar soni 25 taga yetgani, ularning 3 tasi mikroavtobus, 7 tasi «inomarka» ekani haqida xabar berilgan edi. 

Toshkent viloyati hokimligi bergan tushuntirishga ko‘ra, bu «Elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga asosan amalga oshirilgan. Jumladan, unda xarid qilinadigan elektromobillar va gibrid avtomobillar bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan bo‘lib, Toshkent viloyati hokimligi uchun 1 milliard 200 million so‘mga 3 dona harid qilinishi qayd etilgan. 

Shuningdek, qarorda davlat hokimiyati organlari tomonidan sotib olinadigan transport vositasining eng yuqori narxi bo‘yicha o‘rnatilgan cheklovlarga elektromobillar va gibrid avtomobillarning bozor narxidan kelib chiqib tegishli o‘zgartirishlar kiritish mumkinligi belgilab qo‘yilgani ta’kidlanmoqda. 

Bundan tashqari, ushba qaror ijrosini ta’minlash borasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi Toshkent viloyati hokimligiga ko‘rsatma xati ham yuborgan. 

Qayd qilinishicha, viloyat hokimining ikki o‘rinbosari va Yuqori Chirchiq tumani hokimining amaldagi xizmat mashinalari o‘ta ta’mirtalab holatga kelgan, ta’mirlashga ko‘p mablag‘ sarflanishi, eskirgan avtomashinalar ko‘p yoqilg‘i sarf etgani ham inobatga olingan.

Top