O‘zbekiston | 14:37 / 16.11.2023
200758
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati hokimi 3 ta xizmat mashinasi xaridi uchun mahalliy budjetdan 1,3 mlrd so‘m ajratdi

BYD gibrid turkumidagi mashinalarning ikkitasi viloyat hokimi o‘rinbosarlariga, bittasi esa Yuqori Chirchiq tumani hokimiga biriktiriladi. Bu bilan viloyat hokimligi avtoparkidagi mashinalar soni 25 taga yetgan. Ularning 3 tasi mikroavtobus, 7 tasi “inomarka” hisoblanadi. Hokimlikning yangi mashinalar xaridi haqidagi izohi rasmiy saytidagi ochiq ma’lumotga mos kelmayapti. 

Foto: autostrada.uz

Zoyir Mirzayev 2023 yil 15 noyabr kuni o‘zining ikki o‘rinbosari va Yuqori Chirchiq tumani hokimiga BYD xizmat mashinalarini xarid qilish uchun 1 mlrd 336,5 mln so‘m ajratish to‘g‘risida farmoyish chiqardi. Mablag‘ viloyat mahalliy budjetining 2023 yil 3-chorak yakuni bilan shakllangan daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi hisobidana jratilishi ko‘zda tutilgan.

Mashinalar viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Abdurasul Abdullayev, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Otabek Sultonbekov va Yuqori Chirchiq tumani hokimi Uskenbay Atemov uchun xarid qilinishi rejalashtirilgan.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati “Gazeta.uz” so‘roviga javoban mashinalar BYD gibrid turkumidagi avtomobillar ekanini, amaldagi xizmat avtotransportlarini almashtirishga ehtiyoj ulardan 5 yildan ortiq foydalanilgani sababli tug‘ilganini bildirgan.

Ammo hokimlik rasmiy saytidagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, yangi xizmat mashinasi olib berilishi ko‘zda tutilayotgan hokim o‘rinbosarlariga ayni vaqtda biriktirilgan avtomobillarning ishlab chiqarilganiga 5 yildan oshmagan.

Jumladan, viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari uchun ajratilgan Mersedes-Bens Ye 450 4 Matic S rusumli xizmat mashinasi 2021 yilda, viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosariga biriktirilgan Lacetti rusumli xizmat mashinasi esa 2020 yilda ishlab chiqarilgan.

Yangi xarid qilinayotgan 2 ta BYD mashinasidan so‘ng viloyat hokimligi avtoparkidagi transport vositalari soni 25 taga yetadi. Ularning 3 tasi mehmonlar uchun ajratilgan mikroavtobus hisoblanadi. Hokimlik avtoparkida mehmonlar uchun Cadillac XTC “inomarka”si ham bor.

Shuningdek, ochiq ma’lumotga ko‘ra, viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga 2019 yilda ishlab chiqarilgan LAND CRUISER, qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosariga 2017 yilda ishlab chiqarilgan Toyota Land Cruiser Prado VX 2.7L mashinalari biriktirilgan. 

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayevga esa 2022 yilda ishlab chiqarilgan Mersedes-Bens S560 4 Matic W222 hamda 2018 yilda ishlab chiqarilgan TAYOTA LANG CRUISER mashinalaridan foydalanadi. 

Prezidentning 2022 yil 19 dekabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan “2023 — 2025 yillarda davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalar tomonidan xarid qilinadigan elektromobillar va gibrid avtomobillar bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar”ga ko‘ra Toshkent viloyati hokimligiga 2023 yilda 1,2 mlrd so‘mga 3 ta avtomobil xarid qilish ko‘zda tutilgan. Yuqoridagi xarid ushbu maqsadli ko‘rsatkich asosida amalga oshirilgan bo‘lishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 apreldagi qaroriga muvofiq, viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari xizmat avtotransportining eng yuqori narxi — BHMning 1500 baravari (495 mln so‘m)dan, tuman va shahar hokimlariniki — BHMning 1000 baravari (330 mln so‘m)dan oshmasligi kerak.

Hokimlikning mazkur xaridi hukumat belgilagan tartib doirasida amalga oshirilgan.  

Mavzuga oid